NAHL surasi



16.21 . (Ular) o'likdirlar, tirik emasdirlar. Ular (o'zlariga sig'inayotgan mushriklarning) qachon qayta tirilishlarini ham sezmaydilar.

16.22 . Ilohingiz yagona ilohdir. Bas, oxiratga imon keltirmaydiganlarning dillari (Uning yagona ekanligini) inkor qilur va ular mutakabbirdirlar.

16.23 . Shubha yo'qki, Alloh ularning yashirgan narsalarini ham, oshkor qilgan narsalarini ham bilur. Albatta, U mutakabbirlarni sevmas.

16.24 . Ularga: "Rabbingiz (Muhammadga) nimani nozil qildi?" - deyilsa, ular (masxara qilishib): "Avval o'tganlarning afsonalarini",- deydilar.

16.25 . Ular (bu yolg'on so'zlarni) qiyomat kunida, o'zlarining barcha gunohlarini hamda o'zlari johilona yo'ldan ozdirgan kimsalarning gunohlaridan ham (bir qismi)ni bo'yinlariga olish uchun (aytgandirlar). Ogoh bo'lingizki, ular bo'yniga olgan narsa (gunohlar) juda yomondir.

16.26 . Ulardan oldingi (kofir)lar ham (o'z payg'ambarlariga shunday) makrlarni qilgan edilar. Shunda Alloh ular (qurgan makr) binolarini poydevorlari bilan qo'porib tashladi, bas, tom o'zlarining ustiga quladi va ularga o'zlari sezmagan (kutmagan) tarafdan azob keldi.

16.27 . So'ngra qiyomat kunida (Alloh) ularni yana rasvo qilur va aytur: "Sizlar yonlarini olib tortishib yurgan Mening "sherik"larim qayerda qolishdi?!" (Shunda) ilm berilgan (payg'ambar va ulamo)lar derlar: "Darhaqiqat, bugun rasvolik va noxushlik kofirlargadir".

16.28 . Ularni o'zlariga zulm qilgan hollarida farishtalar vafot etdirurlar. Shunda ular sulhga kelishib: "Bizlar biror yomonlik qilgan emasmiz" (derlar). Yo'q! Shaksiz, Alloh qilgan ishlaringizni biluvchidir.

16.29 . Endi o'zlaringiz mangu qoladigan jahannam darvozalaridan kiringiz! Mutakabbirlarning joylari naqadar yomon!

16.30 . Taqvoli bo'lganlarga: "Rabbingiz (O'z payg'ambariga) nimani nozil qildi?" - deyilganida, ular: "Yaxshilikni", - derlar. Bu dunyoda chiroyli ish qilganlar uchun chiroyli mukofot bo'lur. Lekin, shubha yo'qki, oxirat diyori yanada yaxshiroqdir. Taqvodorlarning diyorlari naqadar yaxshi!



back 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 next