NAHL surasi16.1 . Allohning amri (qiyomat) keldi. Bas, sizlar (ey, mushriklar), uni qistamay qo'ya qolinglar! (Alloh) ular keltirayotgan shirkdan pok va yuksakdir. 16.2 . (Alloh O'z) amri bilan xohlagan bandalariga farishtalarni (shunday) vahiy bilan tushirur: ("Ey, payg'ambarlarim! Insonlarni) ogohlantiringlarki, Mendan o'zga iloh yo'q. Bas, (barchalaringiz) Mendangina qo'rqingiz!" 16.3 . (U) osmonlar va Yerni haq (hikmat) bilan yaratdi. (Mushriklar) keltirayotgan shirkdan U yuksakdir. 16.4 . Insonni nutfa (bir tomchi modda)dan yaratdi. U esa, banogoh, ochiq "raqib"dir. 16.5 . U yana sizlar uchun issiq (kiyim) va (turli) manfaatlar bo'lsin, deb, chorva mollarini ham yaratdi va ulardan sizlar yeysizlar ham. 16.6 . Yana sizlar uchun ularda kechqurun (o'tloqdan) qaytayotgan va tongda (o'tloqqa) ketayotgan paytida go'zal manzara paydo bo'lur. 16.7 . Shuningdek, ular sizlar jonlaringizni qiynab yetadigan yurtlarga yuklaringizni ko'tarib borur. Albatta, Rabbingiz mehribon va rahmlidir. 16.8 . U yana minishingiz uchun va ziynat sifatida otlar, xachirlar va eshaklarni (yaratdi). Yana, sizlar (hali) bilmaydigan narsalarni ham yaratur. 16.9 . To'g'ri yo'lni qasd etish (unga hidoyat etish) yolg'iz Alloh zimmasidadir. (Zotan, yo'llar) ichida qing'iri ham bordir. Agar (Alloh) xohlaganida, sizlarning barchangizni (To'g'ri yo'lga) hidoyat qilgan bo'lur edi. 16.10 . U osmondan sizlar uchun ichimlik bo'lmish suvni yog'dirgan zotdir. (Hayvonlaringizni) boqadigan daraxtlar (o'simliklar) ham o'sha suvdan (ichar).
|