HIJR surasi15.51 . Yana ularga Ibrohimning mehmon(lar)i haqida xabar bering! 15.52 . O'shanda ular uning huzuriga kirib: "Salom", - dedilar. (Taomga qo'l cho'zishmagach,) u: "Biz sizlardan qo'rqmoqdamiz (Kimsizlar o'zi)?" - dedi. 15.53 . Ular dedilar: "Qo'rqmagin (biz farishtalarmiz). Biz senga bir bilimdon o'g'il (ya'ni, Ishoqni) xushxabarini yetkazurmiz". 15.54 . U dedi: "Menga keksalik yetgan paytida (farzand ko'rishim haqida) xushxabar keltirdingizmi? Endi menga (bu yoshimda) nimaning ham xushxabarini berursizlar?" 15.55 . Ular aytdilar: "Biz senga rostdan ham (farzand ko'rishing) xushxabarini keltirdik. Bas, sen umidsizlardan bo'lmagin!" 15.56 . U dedi: "Parvardigorining rahmatidan faqat gumroh kimsalargina noumid bo'lurlar". 15.57 . (So'ngra, ularga qarab) dedi: "Ey, elchilar! Arzingiz ne?" 15.58 . Ular dedilar: "Bizlar bir jinoyatchi qavmga (Lut qavmiga, ularni halok qilish uchun) yuborilganmiz. 15.59 . Lekin biz Lutning butun oilasini qutqaruvchidirmiz. 15.60 . Faqat uning xotiniga (najot yo'qdir)". (Chunki Biz - Alloh) uning (azob-uqubatda) qoluvchilardan bo'lishini taqdir qilib qo'yganmiz.
|