|
Bir podsho ko'ngil yozish niyatida butun mamlakatga katta to'y berdi. Unda ziynat har qancha gumon qilinganidan ham ortiq darajada edi. Butun mamlakat va shaharlardagi aholi boshdan-oyoq yasanib, ko'chaga chiqa boshlashdi. Bu to'yda san'at ahli juda yuksak mahorat ko'rsatib, osmon quyoshi kabi porloq gumbazli yuzta to'rt burchakli chodir qurdilar. Hunar ahlining barchasi ularni shunchalik bezashdiki, natijada bu chodirlar butun mamlakatning ko'rkiga aylandi. Ko'p ajoyibotlar kashf etildiki, hayot o'z sehriga o'zi rom bo'lib qoldi. Har bir kishi o'yin-kulgi deb nayrangbozlik qildi, g'am-hasratni dog'da qoldirish uchun ayshu nash'u namosini oshirdi. Shu odamlar orasida bir behayo razil kishi o'zini bo'yra shohi deb e'lon qildi. Uning ustidagi kiyimi boshdan oyoq bo'yradan bo'lib, sadoq, qalqon va bayrog'i ham bo'yradan yasalgan edi. U bir necha nokas masxaraboz do'stlarini ham o'ziga o'xshash yasantirdi. Shu tarzda ular bazm maydoni tomon yo'l oldilar. Yo'l-yo'lakay har xil buzuq, bid'at o'yinlar ko'rsatdilar. Ularning boshlig'i esa o'zini go'yo mamlakat shohi hisoblar, har nimaiki qilgan hazil ishlarini chin deb bilar edi. Nihoyat, shodlik ayyomi nihoyasiga yetib, u ablah o'ziga ta'ziya tutdi. Uni ushlab olib, soyaboni va tojini boshiga urdilar, bo'yra to'nini esa buzib, kuydirib yubordilar. Bu hangomadan so'ng bildiki, shohligi masxara bo'lishdan boshqa narsa emas ekan.
“Lisonut-tayr†(Alisher Navoiy)dan.
|