IBRATLI HIKOYALAR
www.hidoyat.com
Misrda bir oliy himmatli kishi bo'lib, u ma'no olamining sohib davlati edi. Unda aysh-ishrat qilish uchun ja'miki narsa tayyor edi. Bu borada nimani o'ylagan bo'lsang, unda bundan yuz marta ortiq bor edi. U jannatmakon qasr ichida manzil tutgan bo'lib, hurlar kabi go'zal bir mahbuba bilan ulfat edi. Lekin u oliy sifatli pok zot bularning barchasiga beiltifot qarardi. Hajr zindonida qolgan Yusuf kabi unga ham doimo dard va g'am chekish yor edi. Undan so'radilar: — Ey ko'ngli qayg'uga sherik bo'lgan pok zot. Bizga bu yashirin siringni ravshan et! Senda shuncha ko'ngil ochuvchi shodlik asboblari muhayyo bo'la turib, nechun xotiring xurram emas? Nechun g'amdan o'zga narsani ko'ngling hamdam etmaydi. U shunday dedi: — Yo'l ahli uchun bu jahon zindondir, chunki uning istagani ko'zdan yashiringan. Asosiy ish shuki, inson ko'ngil istaganiga yetishga qadar barcha yo'lni bosib o'tishi lozim. Zindonda ham kishi xurram bo'ladimi?! Kishi g'amxonada beg'am o'tira oladimi? Men haqiqiy yorimdan ayriliqda armon chekaman, shuning uchun garchand Eram bog'ida bo'lsam-da, o'zimni zindonda deb hisoblayman. Uning vasli gulzoriga yetishmagunimcha g'am tashvishidan xalos bo'la olmayman.
“Lisonut-tayr†(Alisher Navoiy)dan. |
|
Bir mamlakatda bir devona kishi bor edi. Uning maskani kecha-kunduz vayrona edi. Har dam o'sha vayronaning bir yonini qazib, o'z umrini xazinaga erishish umidi bilan o'tkazar edi. Ittifoqo, shuncha mashaqqat chekkandan so'ng baxti chopib, u xazinani topib oldi. U qaziyotgan chuqurda bir eshik ko'rindi. Ichkari kirgach, katta bir saroyga duch keldi. U yerda Faridun, yo'q, balki Qorun xazinasiga teng qirqta xum turar edi. Telba bu boylikni ko'rib xushidan ketib qoldi. Shu orada bu yerga bir ablah kishi yetib keldi. U xazina oldida xushidan ketib yotgan devonani ko'rdi va hech bir ikkilanmay pichoq sanchib, uning qonini to'kdi. Shunday qilib, uning yashashdan maqsadi xazinaga erishmoq edi. Ammo u boru yo'q sarmoyasidan — hayotidan ajralib qoldi.
“Lisonut-tayr†(Alisher Navoiy)dan.
|
|