ZUXRUF surasi43.71 . Ularga oltin laganlar(da taomlar) va qadahlar(da sharoblar) aylantirilur. U joyda ko'ngillar tilaydigan va ko'zlar lazzatlanadigan (barcha) narsa bordir. Sizlar u joyda mangu qolursizlar. 43.72 . Qilib o'tgan amallaringiz bilan sizlarga meros qilib berilgan jannat mana shudir. 43.73 . Sizlar uchun u joyda ko'plab meva(lar) bo'lib, sizlar ulardan yegaysizlar. 43.74 . Albatta, jinoyatchilar (kofirlar) jahannam azobida mangu qoluvchidirlar. 43.75 . Ulardan (azob) yengillatilmas va ular unda butunlay noumiddirlar. 43.76 . Ularga Biz zulm qilmadik, lekin o'zlari zulm qiluvchi bo'ldilar. 43.77 . Ular (do'zax farishtasiga): "Ey, Molik, Parvardigoring bizlarga O'z hukmini qilsin (jonimizni olsin)", - deb nido qilganlarida, u (farishta): "Sizlar (shu azobda mangu) qoluvchidirsizlar", - deydi. 43.78 . Biz sizlarga Haq (Qur'on)ni keltirdik, lekin sizlarning ko'plaringiz Haqni yomon ko'ruvchidirsizlar. 43.79 . Yoki ular (ya'ni, Makka mushriklari) biror ishga qaror qildilarmi?! Bas, albatta, Biz ham qaror qiluvchidirmiz. 43.80 . Balki ularning gumonlaricha, Biz ularning sirlarini (bilmasmiz) va pichirlashuvlarini eshitmasmiz?! Yo'q! Bizning elchilarimiz (farishtalar) ularning oldilarida (qilgan ishlarini) yozib tururlar.
|