YOSIN surasi36.11 . Siz faqat Zikr (Qur'on)ga ergashgan va Rahmondan g'oyibona qo'rqqan kishilarnigina ogohlantira olursiz. Bas, o'shalarga mag'firat va ulug' mukofot (jannat) xushxabarini bering! 36.12 . Albatta, Biz o'liklarni tiriltirurmiz va ularning qilgan amallarini hamda (qoldirgan) izlarini yozib qo'yurmiz. Barcha narsani Biz aniqlab beruvchi Imom (Lavhul-Mahfuz)da hisobga olganmiz. 36.13 . (Ey, Muhammad,) Siz ularga qishloq (ahli)ni - u joyga elchilar kelgan paytini misol keltiring! 36.14 . O'shanda Biz ularga ikkita (elchi)ni yuborganimizda (ular) ikkisini yolg'onchiga chiqarishgach, uchinchi (elchi) bilan quvvatlantirdik. Bas, (uchchala elchi Antokiya ahliga): "Haqiqatan, biz sizlarga (yuborilgan) elchilarmiz", degan edilar. 36.15 . Ular: "Sizlar ham xuddi bizga o'xshagan odamlarsiz. Rahmon (Alloh) biror narsa (vahiy) nozil qilgani yo'q. Sizlar faqat yolg'on so'zlamoqdasizlar", - dedilar. 36.16 . (Elchilar) aytdilar: "Rabbimiz bilurki, bizlar, albatta, sizlarga (yuborilgan) elchilardirmiz! 36.17 . Bizlarning zimmamizda faqat (Allohning vahiysini sizlarga) aniq yetkazishgina bordir". 36.18 . (Ular) dedilar: "Bizlar sizlardan shumlanmoqdamiz. Јasamki, agar (da'vatlaringizni) to'xtatmasangizlar, sizlarni, albatta, toshbo'ron qilurmiz va sizlarga biz tomondan alamli azob yetar". 36.19 . (Elchilar) aytdilar: "Shumlanishingiz o'zlaringiz bilandir. Sizlarga nasihat qilinsa (shumlanasizlarmi)?! Yo'q, sizlar haddan oshgan qavmdirsiz!" 36.20 . (Shu payt) bir kishi shaharning ichkarisidan shoshgancha kelib, dedi: "Ey, qavmim, (bu) elchilarga ergashinglar!
|