QASOS surasi28.51 . Eslatma olishlari uchun ularga So'zni (Qur'onni) muttasil nozil qildik. 28.52 . Biz (Qur'ondan) ilgari Kitob (Tavrot, Injil) bergan zotlar (yahudiy va nasroniylarning mo'minlari) unga (Qur'on)ga imon keltirurlar. 28.53 . Qachonki, ularga (Qur'on) tilovat qilinsa: "Bizlar unga imon keltirdik. Albatta, u Rabbimiz tomonidan (kelgan) Haqiqatdir. Bizlar (Qur'on nozil bo'lishidan) ilgari ham musulmon edik", - derlar. 28.54 . Ana o'sha zotlarga (imon yo'lida) sabr qilganlari sababli mukofotlari ikki barobar ato etilur. Ular yomonlikni (ya'ni, kofirlarning ozorlarini) yaxshilik (sabr) bilan daf qilurlar va Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan ehson qilurlar. 28.55 . Qachonki, behuda (so'z yo ish)ni eshitsalar, undan yuz o'girurlar va: "Bizlarning amallarimiz o'zimiz uchun, sizlarning amallaringiz o'zlaringiz uchundir. Omon bo'linglar. Bizlar nodon kimsalarni xohlamaymiz", - derlar. 28.56 . (Ey, Muhammad,) Siz o'zingiz suygan kishilarni hidoyat qila olmaysiz, lekin Alloh O'zi xohlagan kishilarni hidoyat qilur. U hidoyat topuvchilarni yaxshi biluvchidir. 28.57 . Ular (Quraysh kofirlari): "(Ey, Muhammad,) agar bizlar sen bilan birga to'g'ri yo'lga ergashsak, yerimizni oldirib qo'yarmiz",- dedilar. Axir, Biz ularga osoyishta Haramni maqom qilib bermadikmi?! Barcha narsaning hosillari Bizning dargohimizdan rizq bo'lgan holda o'sha joyga yig'iladi-ku! Lekin, ularning aksariyati (buni) bilmaslar. 28.58 . Biz qanchadan-qancha maishati haddan oshgan yurtlarni halok qildik. Bas, maskanlarida ulardan keyin kamdan-kam istiqomat qilindi. (Ularning mulku-diyorlariga) Biz voris bo'ldik. 28.59 . Rabbingiz barcha yurtlarning markazlariga oyatlarimizni ularga tilovat qiladigan payg'ambar yubormagunicha, u (yurtlar)ni halok qiluvchi bo'lmadi. Biz yurtlarni faqat ularning aholisi zolim (kofir) bo'lgandagina halok qiluvchi bo'ldik. 28.60 . Sizlarga nima berilgan bo'lsa faqat dunyo hayotining mato va ziynatlaridir. Alloh huzuridagi (mukofot) esa yaxshiroq va boqiyroqdir. Axir, aql yurgizmaysizlarmi?!
|