QASOS surasi



28.1 .To, Sin, Mim.

28.2 . Ushbu (oyatlar) aniq Kitob oyatlaridir.

28.3 . (Ey, Muhammad,) imon keltiradigan qavm uchun Sizga Muso va Fir'avn xabarini haqiqati bilan tilovat qilib berurmiz.

28.4 . Darhaqiqat, Fir'avn yerda (Misrda) tug'yonga ketib, uning aholisini bo'lib tashladi. Ulardan bir toifani (Isroil avlodi qavmini) xorlab, o'g'illarini so'yar, ayollarini tirik qo'yar edi. Albatta, u buzg'unchilardandir.

28.5 . Biz esa u yerda xorlangan kishilarga marhamat qilishni, ularni (xorlikdan chiqarib, barchaga) peshvo zotlarga aylantirishni va ularni (Fir'avn mulkiga) merosxo'r qilishni istaymiz.

28.6 . Yana ularni o'sha yerda barqaror qilib, Fir'avn va (uning vaziri) Homonga hamda ikkovining lashkarlariga ular xavotirlanayotgan narsani ko'rsatib qo'yishni (istaymiz).

28.7 . Biz Musoning onasiga vahiy qildikki: "Uni emizaver. Bas, (uni o'ldirib ketishlaridan) qo'rqsang, uni daryoga tashlagin va qo'rqmagin ham, qayg'urmagin ham. Zero, Biz uni senga qaytaruvchidirmiz va uni payg'ambarlardan qiluvchidirmiz".

28.8 . Bas, Fir'avn xonadoni uni (o'sib-ulg'aygach,) o'zlariga "dushman va tashvish" bo'lishi uchun tutib oldilar. Albatta, Fir'avn, Homon va ularning lashkarlari yanglishgan edilar.

28.9 . Fir'avnning xotini (unga): "(Bu bola) men uchun ham, sen uchun ham ko'z quvonchidir. Uni o'ldirmanglar. Shoyadki, uning bizlarga nafi tegsa yoki uni farzand qilib olsak", - dedi. Vaholanki, ular (haqiqatni) sezmas edilar.

28.10 . Muso onasining qalbi tashvishdan forig' bo'ldi. - Agar Biz ("Musoni o'zinga qaytarurmiz", degan va'damiz)ga imon keltiruvchilardan bo'lishi uchun uning ko'nglini xotirjam qilmaganimizda, albatta, u (o'z o'g'li ekani)ni ochib qo'ygan bo'lur edi.



1 2 3 4 5 6 7 8 next