QASOS surasi28.21 . Bas, u qo'rquvga tushib, (atrofni) kuzatgan holda u yerdan chiqib, dedi: "Ey, Rabbim, O'zing menga (bu) zolimlar qavmidan najot bergin!" 28.22 . Qachonki, Madyan (shahri) tomonga ravona bo'lgach, dedi: "Zora Rabbim meni to'g'ri yo'lga hidoyat etsa!" 28.23 . Qachonki, Madyanning suvi (qudug'i)ga yetib kelgach, u joyda bir to'p odamlar (chorvalarini) sug'orayotganlarini ko'rdi va ulardan beriroqda ikki ayol (o'z qo'ylarini) qo'riqlab turganlarini ko'rib: "Sizlarga ne bo'ldi?" - dedi. Ular: "Biz, to podachilar (mollarini) qaytarmaguncha, sug'ora olmaymiz. Otamiz esa qari chol", - dedilar. 28.24 . Shunda (Muso) ularga (qo'ylarini) sug'orib berdi. So'ngra (bir chetdagi) soyaga borib (o'tirib), dedi: "Ey, Rabbim, men uchun nima yaxshilik (rizq) tushirsang, o'shanga muhtojdirman". 28.25 . Bas, ulardan biri hayo bilan yurib kelib: "Otam seni bizlarga (qo'ylarimizni) sug'orib berganing haqini berish uchun chaqirmoqda",- dedi. Bas, (Muso Shuaybning huzuriga) kelib, unga o'z qissasini, so'ylab bergach, u: "Qo'rqmagin. Sen zolimlar qavmidan najot topding", - dedi. 28.26 .(Qizlardan) biri: "Ey, ota, uni (ishga) yollagin! Zero, sen yollagan eng yaxshi kishi kuchli, ishonchli kishidir", - dedi. 28.27 . (Shuayb) aytdi: "Menga sakkiz yil ishlab berishing badaliga men senga mana shu ikki qizimdan birini nikohlab bermoqchiman. Endi, agar o'n yilni bitirsang (o'n yil ishlab bersang) o'zingdan (marhamat)dir. Men seni qiynashni istamayman. Inshoalloh, mening solih kishilardan ekanimni bilursan". 28.28 . (Muso) dedi: "Mana shu sen bilan mening o'rtamizdagi (bitim)dir. Ikki muddatdan qay birini ado qilsam, bas, menga adovat qilinmas. Alloh aytayotgan so'zimizga guvohdir". 28.29 . Bas, qachonki, Muso (kelishilgan) muddatni o'tab, oilasi bilan (Misr tomon) yo'lga tushgach, Tur (tog'i) tarafidan bir olovni ko'rib qoldi. U oilasiga: "Sizlar (shu yerda) kutib turinglar. Men bir olovni ko'rib qoldim. Shoyad sizlarga biror xabar yoki isinib olishlaringiz uchun (u) olovdan cho'g' olib kelsam", - dedi. 28.30 . Bas, qachonki, uning oldiga yetib kelgach, u muborak joydagi vodiyning o'ng tarafidan - daraxtdan unga nido qilindi: "Ey, Muso, Men (barcha) olamlarning Parvardigori - Allohdirman!
|