QASOS surasi



28.41 . Ularni do'zaxga chorlaydigan peshvolar qilib qo'ydik. Qiyomat kunida ham ularga yordam berilmas.

28.42 . Biz bu dunyoda ularga la'natni ergashtirdik. Qiyomat kunida ham ular qabih kimsalardandirlar.

28.43 . Biz avvalgi avlodlarni (kofirliklari sababli) halok qilganimizdan keyin Musoga odamlar uchun nur, hidoyat va rahmat bo'lgan Kitob ato etdik. Shoyad, ular eslatma olsalar!

28.44 . (Ey, Muhammad,) Biz Musoga ishni (gaplashish va najotni) hukm qilgan paytda Siz (Tur tog'ining) g'arb tomonida (Biz bilan Muso va'dalashgan joyda) bo'lmagansiz va guvohlardan ham emas edingiz.

28.45 . Lekin Biz (Musodan so'ng, ko'p) avlodlarni paydo qildik, bas, ularga umr (zamon) cho'zilib ketdi. Siz Madyan ahli orasida turuvchi ham, ularga oyatlarimizni tilovat qiluvchi ham bo'lmagansiz. Lekin, Biz (Sizni) payg'ambar qilib yuboruvchi bo'ldik.

28.46 . Biz (Musoga) nido qilgan paytda Siz Turning yonida bo'lmagansiz. Lekin, Rabbingiz (tomoni)dan rahmat sifatida Sizdan ilgari biror ogohlantiruvchi kelmagan bir qavmni ogohlantirish uchun (payg'ambar qilindingiz). Shoyad, ular eslatma olsalar.

28.47 . Boridiyu ularga o'z qilmishlari sababli biror musibat yetganida: "Parvardigoro, bizlarga payg'ambar yuborganingda edi, Sening oyatlaringga ergashar va imon keltiruvchilardan bo'lar edik", - deyishmaganda (Biz Sizni ularga payg'ambar qilib yubormas edik).

28.48 . Bas, qachonki, ularga Bizning huzurimizdan Haq (payg'ambar) kelgach esa, ular: "Unga (ya'ni, Muhammadga) ham Musoga berilgan narsa (mo''jiza) berilganida edi (bizlar unga ergashgan bo'lardik)",- dedilar. Axir, ular ilgari Musoga berilgan narsa (mo''jiza)ni ham inkor qilmaganmidilar?! Ular: "(Tavrot va Qur'on) bir-birini qo'llab-quvvatlaydigan ikki sehrdir",- dedilar va: "Bizlar (bu ikki kitobning) har biriga kofirdirmiz",- dedilar.

28.49 . Ayting: "Agar rostgo'y bo'lsanglar, Alloh huzuridan u ikki (Kitob)dan ko'ra to'g'riroq bo'lgan biror kitob keltiringlar, men unga ergashayin.

28.50 . Bas, agar ular Sizga javob bera olmasalar, bas, bilinki ular faqat havoyi nafslarigagina ergashurlar. Alloh (tomoni)dan hidoyatlanmagan holda o'z havoyi nafsiga ergashgan kimsadan kim ham ozganroqdir?! Albatta, Alloh zolimlar qavmini hidoyat etmas!



back 1 2 3 4 5 6 7 8 next