Meryem surasi19.30 . (Shu payt chaqaloq tilga kirib) dedi: "Men Allohning bandasidirman. (U) menga Kitob (Injil) ato etdi va meni payg'ambar qildi. 19.31 . Yana meni qayerda bo'lsam barakotli qildi va modomiki, hayot ekanman, menga namozni va zakotni (ado etishni) buyurdi. 19.32 . Shuningdek, (meni) onamga mehribon (qildi) va meni takabburli, badbaxt qilmadi. 19.33 . Menga tug'ilgan kunimda ham, vafot etadigan kunimda ham, qayta tiriladigan kunimda ham salom (omonlik) bo'lur". 19.34 . Ular (ya'ni, yahudiy va nasroniylar) shubha qilayotgan Iso ibn Maryam - Haq so'z mana shudir! 19.35 . Allohga hech qanday farzand tutish mumkin emas - U (bunday) nuqsondan pokdir. U biror ishni qilishni istasa, faqat unga "Bo'l!" der. Bas, (o'sha ish) bo'lur. 19.36 . (Iso aytdi): "Albatta, Alloh Rabbim va Rabbingizdir. Bas, Unga ibodat qilingiz! Mana shu to'g'ri yo'ldir". 19.37 . So'ngra firqalar (Iso xususida) o'zaro ixtilof qildilar. Bas, ulug' Kun (Qiyomat) manzarasidan kofir bo'lganlar holiga voy! 19.38 . Ular Bizga keladigan kunda juda (aniq) ko'radigan va eshitadigan bo'lib qolurlar. Lekin (u) zolimlar bugun aniq zalolatdadirlar. 19.39 . (Ey, Muhammad,) ularni (Makka mushriklarini) barcha ish bitirilgan hasrat kuni - (Qiyomat)dan qo'rqiting! Ular (bugun) g'aflatdadirlar, (shu sababdan) ular imon keltirmaydilar.
|