KAHF surasi18.51 . Men ularni (iblis va uning zurriyotini) na osmonlar va Yerni yaratishga va na o'zlarini yaratishga guvoh qilgan emasman, shuningdek, (bu) yo'ldan ozdiruvchilarni (O'zimga) dastyor qilib ham olganim yo'q. 18.52 . U Kunda (Qiyomatda Alloh): "Sizlar Mening sheriklarim deb o'ylagan (butlaringizni) chaqiringiz", der. Bas, ularni chaqirganlarida, (ular) javob qilmaydilar. (Chunki) Biz ularning o'rtalarida halokat chohini (do'zaxni) paydo qilib qo'ygan bo'lamiz. 18.53 . Gunohkorlar do'zaxni ko'rib, o'zlarining unga tushuvchi ekanlarini biladilar, ammo undan qochishga joy topmaydilar. 18.54 . (Biz) bu Qur'onda odamlarga turli masallardan bayon qildik. Darhaqiqat, inson ko'p janjal (bahs) qiluvchidir. 18.55 . Odamlarga hidoyat kelganda imon keltirishlaridan va Parvardigordan mag'firat so'rashlaridan to'sgan narsa - bu faqat ularga o'tganlarning yo'li (halokatlari) kelishi yoki ochiq azob kelishi (intizorligi)dir. 18.56 . Biz payg'ambarlarni faqat xushxabar beruvchi va ogohlantiruvchilar sifatidagina yuborurmiz. Kofir bo'lganlar esa botil (hujjatlar) bilan tortishib, uning yordamida haqiqatni toyiltirmoqchi bo'lurlar hamda oyatlarimni va o'zlari ogohlantirilgan narsani (oxirat azobini) masxara qilib olurlar. 18.57 . Parvardigorining oyatlari bilan nasihat qilingach, ulardan yuz o'girgan, o'zi qilib o'tgan (gunoh)larini unutib qo'ygan kimsadan kim zolimroqdir?! Darhaqiqat, Biz (Qur'onni) anglamasliklari uchun ularning dillarini pardalab, quloqlarini og'ir qilib qo'ydik. Demak, agar Siz ularni hidoyatga chaqirsangiz ham sira hidoyatga yurmaslar. 18.58 . Rabbingiz mag'firatli va rahm (shafqat) sohibidir. Agar ularni qilgan gunohlari sababli tutganida, ularga azobni naqd qilgan bo'lur edi. Yo'q, ular uchun va'da qilingan bir vaqt (Qiyomat) borki, Undan o'zga biror panoh topa olmaslar. 18.59 . Ana u shaharlar (aholisi)ni zulm qilishgach, halokat paytlarini aniq belgilab qo'yib, halok qildik. 18.60 . Muso (o'zining xizmatkor) yigitiga: "Toikki dengiz qo'shiladigan yerga yetmaguncha yoki uzoq muddat kezmaguncha yurishdan to'xtamayman", - degan paytini eslangiz.
|