KAHF surasi18.21 . Shunday qilib, Allohning (qayta tiriltirish haqidagi) va'dasi haq ekanini va qiyomatning (kelishi) shaksiz ekanini bilishlari uchun (odamlarni g'or yigitlaridan) xabardor qildik. O'shanda (ular vafot etishgach) o'zaro ularning ishlari haqida tortisha boshladilar. Bas, (ba'zi kishilar): "Ularning ustiga uylar bino qilinglar. Parvardigorlari ularni yaxshi biluvchidir", - dedilar. Ularning ustida hukmron bo'lgan (imonli podshoh va saroy a'yonlari esa): "Albatta, biz ular (ya'ni, Ashobi Kahf qabri) uzra (g'or og'ziga) bir masjid qurib olurmiz", - deyishdi. 18.22 . Hali ular (Muhammadga zamondosh yahudiy, nasoro va musulmonlarning ayrimlari o'sha Ashobi Kahf adadini): "Uchtadir, to'rtin chilari itlaridir", desalar, (boshqalari) "beshta bo'lib, oltinchilari itlaridir", deb g'aybga tosh oturlar (taxminan gap soturlar). Yana: "(Ular) yettitadirlar, sakkizinchilari itlaridir" ham deydilar. (Ey, Muhammad,) "Ularning sanog'ini Rabbim yaxshi biluvchidir. Ularni juda oz kishi bilur", deng. Bas, ular xususida faqat (vahiy asosida) ochiq munozara qiling va (Ashobi Kahf) haqida ularning birortasidan savol so'ramang! 18.23 . Biror narsa haqida: "Men, albatta, ertaga shuni qiluvchiman", deya ko'rmang! 18.24 . Illo, "Inshoalloh, (Alloh xohlasa)" (deng. Bu so'zni) unutgan vaqtingizda (yodingizga kelishi bilan) Rabbingizni zikr qiling (ya'ni, "inshoalloh", deng) va: "Shoyad Rabbim meni bundan ham yaqinroq To'g'ri yo'lga hidoyat etsa",deng! 18.25 . (Ular) g'orlarida uch yuz yil turdilar va yana to'qqiz (yil)ni ziyoda qildilar. 18.26 . (Ey, Muhammad,) ayting: "Ularning qancha turganlarini Alloh yaxshi biluvchidir. Osmonlar va Yerning sirlari faqat Unga oiddir. U naqadar ko'ruvchi va eshituvchidir! Ular (odamlar) uchun Undan o'zga biror do'st yo'qdir. U (O'z) hukmida hech kimni sherik qilmas". 18.27 . (Ey, Muhammad,) Sizga vahiy qilingan Rabbingizning Kitobi (Qur'on)ni tilovat qiling! Uning so'zlarini o'zgartiruvchi yo'qdir. Undan o'zga sira panoh topa olmassiz. 18.28 . Siz o'zingizni ertayu kech Parvardigorlari "yuzi"ni istab, Unga iltijo qiladigan zotlar bilan birga tuting! Dunyo hayoti ziynati uchun ulardan ko'zlaringiz chetlab o'tmasin! Va qalbini Biz zikrimizdan g'ofil qilib qo'ygan, havoyi nafsiga ergashgan va qilar ishi isrofgarchilik bo'lgan kimsalarga itoat etmang! 18.29 . Ayting: "(Bu Qur'on) Rabbingiz (tomoni)dan (kelgan) Haqiqatdir. Bas, xohlagan kishi imon keltirsin, xohlagan kimsa kofir bo'lsin". Aniqki, Biz zolim (kofir)lar uchun alangalari ularni qamrab oladigan do'zaxni tayyorlab qo'yganmiz. Agar ular (tashnalikka chidamay) yalinsalar, eritilgan (dog'langan) yog' kabi yuzlarni kuydiruvchi suv berilur. Naqadar yomon ichimlik u, naqadar yomon joy u! 18.30 . Imon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlar esa, albatta, Biz yaxshi amallarni qilgan kishining mukofotini zoye qilmasmiz.
|