KAHF surasi18.31 . Aynan ular uchun ostilaridan anhorlar oqib turadigan mangu jannatlar bor bo'lib, ular u joyda oltin bilakuzuklar bilan beza nurlar va yashnab turuvchi shoyi liboslar kiyib, so'rilarda suyanib o'tirurlar. Naqadar yaxshi mukofot u, naqadar go'zal joy u! 18.32 . (Ey, Muhammad, kofirlarga) ikki kishi masalini keltiring. Ulardan biri uchun ikki uzumzor bog' qilib, u ikkisini xurmozor bilan o'ragan va o'rtasini ekinzor qilgan edik. 18.33 . Har ikki bog' hosilini bekamu ko'st berar, ularning o'rtasidan bir anhor o'tkazgan edik. 18.34 . Yana uning boyligi ham bor edi. Bas, u birodariga murojaat qilib: "Mening boyligim senikidan ko'proq va odamlarim kuchliroq", - dedi. 18.35 . O'ziga zulm qilgan holda, bog'iga kirayotib, aytdi: "Bu (bog'u boyligim) hech qachon yo'q bo'lmaydi. 18.36 . Qiyomat ham qoyim bo'lmaydi, deb o'ylayman. Qasamki, agar Rabbimga (farazan) qaytarilsam, (qayta tirilsam), albatta, bundan ham yaxshiroq oqibat (baxt)ni topurman". 18.37 . Birodari unga murojaat qilib, dedi: "Seni (Odamni) tuproqdan, so'ng bir tomchi "suv"dan yaratib, so'ngra inson qilib rostlagan zot (Alloh)ga kofir bo'ldingmi?! 18.38 . Men esa: "U Alloh Rabbimdir" (deyman) va Rabbimga hech kimni sherik qilmayman. 18.39 . Sen bog'ingga kirganingda: "Alloh xohlagan narsagina (bo'lur), bor kuch-quvvat yolg'iz Alloh bilandir", deganingda edi! Bordiyu meni boylik va farzand jihatidan o'zingdan kamroq deb bilsang, 18.40 . shoyadki, Rabbim menga sening bog'ingdan yaxshiroq (bog') ato etar, (sening bog'ingga esa) osmondan ofat yuborur, bas, u toyg'oq (tekis) yerga aylanib qolur.
|