IBROHIM surasi14.31 . (Ey, Muhammad), imon keltirgan bandalarimga ayting, namozni mukammal ado etsinlar hamda savdo-sotiq va oshna-og'aynigarchilik bo'lmaydigan Kun (qiyomat) kelmay turib, Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan xufyona va oshkora ehson qilsinlar! 14.32 . Alloh osmonlar va Yerni yaratgan va osmondan suv (yomg'ir, qor) yog'dirib, u sababli sizlarga rizq bo'ladigan mevalarni chiqargan zotdir. U (O'z) amri bilan dengizda suzib yurishi uchun kemalarni sizlarga bo'yin sundirdi. Yana daryolarni ham sizlarga bo'yin sundirdi. 14.33 . (U) doimo faoliyat ko'rsatib turuvchi quyosh va oyni ham sizlarga bo'yin sundirdi. Yana kecha va kunduzni sizlarga bo'yin sundirdi. 14.34 . Shuningdek, sizlarga barcha so'ragan narsalaringizdan ato etdi. Agar Allohning ne'mat(lar)ini sanasangizlar, sanog'iga yetaolmaysizlar. Haqiqatan, inson o'ta zolim va juda noshukrdir. 14.35 . (Ey, Muhammad,) eslang, Ibrohim aytgan edi: "Ey, Rabbim! Bu shaharni (ya'ni, Makkani) tinch qilgin, meni va avlodlarimni sanamlarga sig'inishdan yiroq qilgin! 14.36 . Ey, Rabbim, U (sanam)lar ko'p odamlarni yo'ldan ozdirdi. Bas, kim menga ergashsa, ana o'sha mendandir (mening dinimdadir). Kim menga itoatsizlik qilsa, yana O'zing kechirimli va mehribonsan. 14.37 . Ey, Rabbimiz! Men zurriyotimdan (bir qismini - o'g'lim Ismoil va uning onasi Hojarni) Sening hurmatli Bayting huzuridagi ekin o'smaydigan bir vodiyga joylashtirdim. Ey, Rabbimiz! (Ular) namozni mukammal ado etsinlar deb (shunday qildim). Bas, Sen O'zing odamlarning dillarini ularga moyil qilib qo'ygin va ularni (barcha) mevalardan oziqlantirgin, shoyad (shunda) shukr qilsalar. 14.38 . Ey, Rabbimiz! Sen bizlar yashirgan narsani ham, oshkor qilgan narsani ham bilursan. Alloh uchun Yerda ham, osmonda ham biror narsa maxfiy emasdir. 14.39 . Menga keksalikda Ismoil va Ishoqni bergan Allohga hamd bo'lsin. Albatta, Rabbim duoni eshituvchidir. 14.40 . Ey, Rabbim! Meni va zurriyotimdan (bo'lgan farzandlarimni) namozni mukammal ado etuvchi qilgin! Ey, Rabbimiz! Duoimni qabul et!
|