IBROHIM surasi



14.1 . Alif, Lom, Ro. (Ey, Muhammad! Bu Qur'on) Parvardigorlarining izni bilan odamlarni zulmatlardan nurga - qudrat va hamd egasining yo'liga - olib chiqishingiz uchun Sizga Biz nozil qilgan Kitobdir.

14.2 . (U yo'l) osmonlar va Yerdagi bor narsa Uniki bo'lgan Allohning (yo'lidir). Qattiq azob dastidan kofirlar holiga voy!

14.3 . Ular dunyo hayotini oxiratdan afzal biladigan, (odamlarni) Allohning yo'lidan qaytaradigan va uni qing'ir qilishni istaydigan kimsalardir. Ular (haq yo'ldan) yiroq gumrohlikdadirlar.

14.4 . Biz har bir payg'ambarni (hukmlarimizni) bayon qilib berishi uchun o'z qavmining tili bilan (so'zlaydigan qilib) yubordik. Bas, Alloh (O'zi) xohlagan kimsani yo'ldan ozdirur va (O'zi) xohlagan kishini hidoyat qilur. U qudratli va hikmatli zotdir.

14.5 . Darhaqiqat, Biz Musoni (Bani Isroil qavmiga) oyatlarimiz bilan yuborib (unga dedik): "Qavmingni zulmatlar (kufr)dan nur (imon)ga olib chiqqin va ularga Allohning kunlari (ne'matlari)ni eslatgin! Albatta, bunda har bir sabrli va shukr qiluvchi kishi uchun alomatlar bordir".

14.6 . O'shanda Muso qavmiga aytdi: "Allohning sizlarga bergan ne'matini - sizlarni og'ir azoblar bilan qiynayotgan, o'g'illaringizni so'yib, xotinlaringizni tirik qoldirayotgan Fir'avn zodagonlaridan qutqarganimizni eslangiz. Ana o'sha (ish)larda Parvardigoringiz tomonidan ulkan sinov bordir".

14.7 .Yana Rabbingiz e'lon qilgan (bu so'zlar)ni eslangiz: "Qasamki, agar (bergan) ne'matlarimga shukr qilsangizlar, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu noshukrchilik qilsangizlar, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir".

14.8 . Muso (yana) dedi: "Agar sizlar (O'zingiz) va Yer yuzidagi barcha kishilar kofir bo'lsalaringiz ham (Allohga hech qanday zarar yetkaza olmaysizlar). Zero, Alloh (sizlarning shukr qilishingizdan) behojat va hamd egasidir".

14.9 . Sizlarga ilgari o'tgan kishilarning - Nuh, Od, Samud qavmlarining va ulardan keyin o'tgan, faqat Allohgina biladigan qavmlarning xabari kelmadimi? Ularga payg'ambarlari hujjatlari bilan kelganlarida, ular qo'llari bilan (payg'ambarlarning) og'izlarini to'sib, dedilar: "Biz sizlar elchi qilib yuborilgan narsa (din)ga kufr keltirdik. Biz sizlar bizni da'vat qilayotgan narsangiz (diningiz)dan shak(-shubha)dadirmiz".

14.10 . Payg'ambarlari aytdilar: "Osmonlar va Yerning yaratuvchisi - Alloh (borligi va birligi) xususida shak bormi?! U sizlarning gunohlaringizni mag'firat qilish va o'zlaringizni ma'lum muddatgacha (halok qilmay) kechiktirish uchun (imonga) da'vat qilmoqda-ku?!" Ular dedilar: "Sizlar (ham) bizga o'xshagan odamlarsiz, faqat bizni ota-bobolarimiz ibodat qilib o'tgan narsadan (sanamlarga sig'inishdan) to'smoqchisizlar, xolos. Bas, (agar chin payg'ambar bo'lsangizlar,) bizga aniq bir hujjat keltiringlar-chi?!"



1 2 3 4 5 next