IBROHIM surasi



14.21 . (Qiyomat kunida) barcha (xaloyiq) Allohga ro'baro' bo'lur. Bechora hol (ergashuvchi)lar mutakabbir kimsalarga (sobiq yo'lboshchilariga): "Bizlar sizlarga ergashuvchi edik, endi sizlar bizlarni Allohning biror azobidan qutqara olurmisizlar?" deganlarida, ular aytadilar: "Agar Alloh bizni (haq yo'lga) hidoyat qilganida, biz ham sizlarni hidoyat qilgan bo'lur edik. (Endi esa) chidamsizlik qilamizmi, sabr qilamizmi, biz uchun barobardir. Biz uchun hech qanday panoh yo'qdir".

14.22 . Qachonki, ish bitgach (ya'ni, jannat ahli jannatga, do'zaxilar do'zaxga hukm qilingach), shayton deydi: "Alloh sizlarga haq va'da qilgan edi. Men ham va'da berib, sizlarni aldagan edim. (Lekin) men uchun sizlarning ustingizdan hech qanday iqtidor yo'q edi, illo men sizlarni (kufr yo'liga) chaqirdim. Sizlar menga ijobat etdingiz. Endi meni emas, o'zlaringizni malomat qilingiz. Men sizlarga yordam bera olmayman, sizlar ham menga yordam beruvchi emassiz. Men sizlar ilgari meni (Allohga) sherik qilganingizni inkor qilurman. Albatta, zolimlar (kofirlar) uchun alamli azob bordir".

14.23 . Imon keltirgan va ezgu ishlar qilganlar ostidan anhorlar oqib turadigan jannatlarga kiritilib, Parvardigorlarining izni bilan u joyda mangu qoladilar. Ularning (jannatdagi) ko'rishishlari salomlashishdan iboratdir.

14.24 . (Ey, inson), Alloh pok so'zga (ya'ni, imon kalimasiga) qanday misol keltirganini ko'rmadingmi?! (U so'z) xuddi bir yaxshi daraxtga o'xshaydiki, uning ildizi (yer ostiga) o'rnashgan, shoxlari esa osmondadir.

14.25 . Parvardigorining izni bilan (u) mudom meva berur. Alloh odamlar eslatma olishlari uchun mana shunday misollarni keltirur.

14.26 .Yomon so'zning (ya'ni, kufr so'zining) misoli esa yer yuzasidan (ildizi) uzilib qolgan, bir joyda qarori yo'q nopok daraxtga o'xshar.

14.27. Alloh imon keltirganlarni dunyo hayotida ham, oxiratda ham ustuvor So'z (imon kalimasi) bilan sobitqadam qilur. Zolimlarni esa Alloh (haq) yo'ldan ozdirur. Alloh (O'zi) xohlagan ishni qilur.

14.28 . (Ey, inson), Allohning ne'mati (imon)ni kufrga almashtirib yuborgan va qavmlarini halokat diyoriga qulatgan kimsalarni ko'rmadingmi?!

14.29 . (U diyor) ular toblanadigan jahannamdir. Naqadar yomon qarorgoh!

14.30 . Ular (odamlarni) Uning yo'lidan ozdirish uchun Allohga "teng"larni (o'ylab) topdilar. (Ey, Muhammad), ayting: "Foydalanib qolinglar! Bas, albatta, axiri boradigan joyingiz do'zaxdir".



back 1 2 3 4 5 next