Yusuf surasi



12.78 . Ular dedilar: "Ey, aziz, uning bir keksa otasi bor. Sen uning (Binyaminning) o'rniga bizlardan birimizni olib qolgin. Bizlar sening ezgu ishlarni qiluvchi zotlardan ekaningni ko'rmoqdamiz".

12.79 . (Yusuf) aytdi: "Narsamizni idishidan topib olgan kimsadan o'zgani olib qolishdan Alloh saqlasin! Aks holda biz zolim kimsalardan bo'lib qolurmiz".

12.80 . Undan umidlari uzilgach, (og'a-inilar) bir chetga chiqib shivirlashdilar. Ularning kattalari aytdi: "Otalaringiz sizlarning zimmangizga Allohdan vasiqa olib qolganini bilmay qoldingizmi?! Ilgari Yusuf to'g'risida ham shunday sustkashlik qilgan edinglar. Bas, to otam menga izn bermagunicha yoki Alloh men uchun (biror) hukm qilmagunicha mana shu yerdan sira jilmayman. U (Alloh) hukm qiluvchilarning yaxshirog'idir.

12.81 . Sizlar otalaringiz oldiga qaytib, aytinglar: "Ey, ota, o'g'ling o'g'rilik qildi. Bizlar faqat bilgan narsamizga guvohlik bermoqdamiz. (Oldin va'da qilganimizda) g'aybni (ya'ni, kelajakda nima bo'lishini) esa, biluvchi emasmiz.

12.82 . Biz bo'lib qaytgan shahar (ahli)dan va birga ketgan karvondan so'ragin. Albatta, bizlar rost so'zlovchilarmiz".

12.83 . (Ya'qub) dedi: "Yo'q! Sizlarga havoyinafsingiz (yomon) ishni chiroyli qilib ko'rsatgan. Endi (mening ishim) chiroyli sabrdir. Shoyadki, Alloh ularning (Yusuf, Binyamin va katta o'g'limning) barchalarini (bag'rimga) qaytarsa. Albatta, U bilim va hikmat sohibidir".

12.84 . Keyin ulardan yuz o'girib: "Esizgina Yusuf!" dedi. G'am-g'ussadan uning ko'zlari oqarib (ojiz bo'lib) qoldi va u endi hazindir.

12.85 . (Shunda o'g'illari): "Alloh haqqi, to chala o'lik bo'lib qolguningcha yoki (bir yo'la) halok bo'lguningcha, Yusufni eslayverar ekansanda?!" - dedilar.

12.86 . U aytdi: "Men g'am va tashvishlarimdan yolg'iz Allohgagina shikoyat qilaman va men Allohning (mehribonligi haqida) sizlar bilmaydigan narsalarni bilurman".

12.87 . "Ey, o'g'illarim, boringlar, Yusuf va uning ukasini izlanglar va Allohning rahmatidan noumid bo'lmanglar. Zero, Allohning rahmatidan faqat kofirlar qavmigina noumid bo'lur".



back 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 next