Yusuf surasi12.11 . Dedilar: "Ey, otamiz! Nechun Siz Yusufni bizga ishonmaysiz? Axir, biz unga juda xayrixohmiz-ku! 12.12 . Ertaga uni biz bilan birga jo'nating, yayrab o'ynasin! Biz uning uchun qo'riqlovchilarmiz". 12.13 . (Ya'qub) dedi: "Uni olib ketishingiz meni juda tashvishlantiradi, sizlar undan g'aflatda bo'lgan chog'laringda uni bo'ri yeb qo'yishidan qo'rqaman". 12.14 . Aytdilar: "Agarda biz bir to'da bo'la turib, uni bo'ri yeb ketsa, unda biz rosa ziyon ko'ruvchilar bo'lib qolamiz-ku?!" 12.15 . Bas, uni olib ketishgach va uni quduqning qa'riga tashlashga kelishib olishgach (uni amalga oshirdilar), (Biz) unga: "Akalaringga bu ishlari to'g'risida (kezi kelganda), albatta, xabar berursan, lekin ular (haqiqatni) sezmaydilar", - deb vahiy qildik. 12.16 . Otalari huzuriga oqshom paytida yig'lab kelishdi. 12.17 . Aytdilar: "Ey, otamiz! Biz Yusufni matohlarimiz oldida qoldirib quvlashib ketsak, uni bo'ri yeb ketibdi. Rost gapirsak ham, (baribir) siz bizga ishonuvchi emassiz". 12.18 . Uning ko'ylagi uzra soxta qon bilan keldilar. (Ya'qub) dedi: "Yo'q! Sizlarni (o'z) nafsingiz (bunday mudhish) ishga undagan. Bas, (mening burchim) chiroyli sabrdir. Sizlar tavsiflayotgan narsa ustidan Alloh (menga) madadkordir". 12.19 . (Yusuf uch kun yotgach) bir karvon keldi. Suv keltiruvchini yuborgan edilar, u chelagini (quduqqa) tushirgach: "Xushxabar! Bu bola-ku!" -dedi. Uni matoh sifatida maxfiy tutdilar. Alloh esa qilayotgan ishlarini biluvchidir. 12.20 . Uni (Misrda) arzon - sanoqli dirhamlarga sotdilar va (bu ishda go'yo) tarki dunyochilardan bo'ldilar.
|