Yusuf surasi12.31 . Bas, (Zulayxo) ularning makrlarini eshitgach, ular huzuriga (odam) yubordi va ularga suyanib o'tiradigan joy hozirladi hamda ulardan har biriga bittadan pichoq berib (Yusufga): "Ular huzuriga chiqqin!" - dedi. Bas, uni ko'rishgach, unga mahliyo bo'ldilar va qo'llarini kesib oldilar hamda : "YO, Alloh! Bu bashar emas! Bu (azizu) mukarram farishtaning o'zginasi-ku!" - dedilar. 12.32 . (Zulayxo) dedi: "Meni u to'g'rida malomat qilganlaring shu (yigit)dir. Haqiqatan, undan nafsi (jinsiy yaqinligi)ni talab qilganimda, u saqlandi. Qasamki, agar (u) mening buyrug'imni bajarmas ekan, albatta, u zindonband qilinib, haqirlardan bo'lib qolur". 12.33 . (Yusuf) dedi: "Ey, Rabbim! Menga taklif etishayotgan narsadan ko'ra zindon ma'qulroqdir. Agar ularning makrlarini mendan darig' tutmasang, ularga moyil bo'lib, johillardan bo'lib qolurman". 12.34 . Bas, Rabbi (duosini) ijobat qildi va u (ayol)larning makrlarini undan bartaraf etdi. Albatta, U eshituvchi va biluvchidir. 12.35 . So'ngra ularga (Misr hokimi va uning a'yonlariga) alomatlarni ko'rganlaridan so'ng uni (ma'lum) bir vaqtgacha zindonband qilib turish (fikri) paydo bo'ldi. 12.36 . Zindonga u bilan birga yana ikki yigit (tuhmat bilan) tushdi. Ulardan biri (soqiy bo'lgani): "Men tushimda may tayyorlayotgan emishman", - dedi. Unisi (shohning nonvoyi) esa: "Men boshimda non ko'tarib turgan emishman. Qushlar undan yeyayotgan emish. Sen bizga shuning ta'birini aytib ber! Zero, biz seni ezgu ish qiluvchilardan ekaningni ko'rib turibmiz", - dedi. 12.37 . (Yusuf) aytdi: "Men sizlarga ozuqa bo'ladigan taom oldingizga kelishidan burun uning (qandayligi) ta'vilini aytib berurman. Bu Rabbimning menga bildirgan narsalaridandir. Men Allohga imon keltirmaydigan va oxiratni inkor etuvchi qavm dinini tark etdim. 12.38 . Shuningdek, ajdodlarim Ibrohim, Ishoq va Ya'qublarning diniga ergashdim. Biz uchun Allohga biror narsani sherik qilish mumkin emasdir. Bu Allohning bizlarga va odamlarga (nisbatan) fazlidir, lekin aksariyat odamlar shukr qilmaydilar. 12.39 . Ey, ikki hamzindonlarim! Turli-tuman "ilohlar" yaxshimi yoki yagona va g'olib Allohmi? 12.40 . Sizlar Uni qo'yib, o'zlaringiz va ota-bobolaringiz atab olgan nomlar (but-sanamlar)gagina sig'inyapsizlar. Ularga Alloh biror hujjat tushirmagan bo'lsa?! (Ibodat va din to'g'risidagi) hukm faqat Alloh ixtiyoridadir. (U) O'zidan boshqaga sig'inmaslikka buyurgan. To'g'ri din - mana shu! Lekin odamlarning aksariyati (buni) bilmaydilar.
|