Yusuf surasi12.88 . (Ular bor bisotlarini olishib, yana Misr tomonga ravona bo'lishdi). (Yusufning) huzuriga kirishgach, dedilar: "Ey, aziz zot, bizni va ahlu oilamizni ocharchilik tutdi. Bizlar (bu safar) o'tmas matohlarni olib keldik. Bizlarga o'lchov (oziq-ovqat)ni to'la bergin va bizlarga xayr-sadaqa qilgin. Alloh, albatta, sadaqa beruvchilarni mukofotlagay". 12.89 . (Yusuf) dedi: "Jaholatda bo'lgan paytingizda Yusuf va uning ukasiga nima ishlar qilganingizni bilasizlarmi?" 12.90 . Ular: "Sen o'sha Yusufmisan?" - deb so'radilar. U: "Ha, men Yusufman, bu esa ukamdir. Alloh bizga marhamat ko'rsatdi. Darhaqiqat, kimda-kim Allohdan qo'rqib, sabr qilsa, albatta, Alloh ezgu ish qiluvchilarning mukofotini zoye qilmas", - dedi. 12.91 . Ular dedilar: "Allohga qasamki, Alloh seni bizlardan afzal qilibdi. Bizlar esa, haqiqatan, xatoga ketganlardan bo'ldik". 12.92 . U dedi: "Bu kun sizlarga ayblov yo'q. Alloh sizlarni mag'firat qilgay. U rahm qiluvchilarning rahmlirog'idir". 12.93 . "Sizlar mana bu ko'ylagimni olib borib, otamning yuziga tashlangiz, shunda uning ko'zlari sog'ayur. So'ng barcha ahlu oilalaringiz bilan birga mening oldimga kelinglar". 12.94 . Karvon (Misrdan) chiqishi bilan otalari (Ya'qub o'z huzuridagi kishilarga): "Men Yusufning bo'yini sezmoqdaman. Meni aqldan ozganga chiqarmasangizlar edi", - dedi. 12.95 . (Ular) aytdilar: "Allohga qasamki, sen (hali ham) o'sha eski xatoyingda turibsan". 12.96 . Bas, xushxabarchi kelib, uni (ko'ylakni Ya'qubning) yuziga tashlagach, u ko'radigan bo'lib qoldi. "Sizlarga men Allohning (mehribonligi haqida) sizlar bilmaydigan narsalarni bilurman, demaganmidim", - dedi u. 12.97 . Ular dedilar: "Ey, ota, (Allohdan) bizlarning gunohlarimizni mag'firat qilishini so'ragin. Albatta, bizlar xato qiluvchilardan bo'ldik".
|