Yusuf surasi



12.21 . Misrda uni sotib olgan kishi (shahar hokimi Qitfir) xotini (Zulayxo)ga: "Unga yaxshi joy ber, zora bizga foydasi tegsa yoki o'g'il qilib olsak", - dedi. Shunday qilib, Yusufni yerga (Misrga) joylashtirdik va gaplar (tushlar yoki ilohiy kitoblar) ta'vili (mazmuni)ni bildirishimiz uchun (shunday qildik). Alloh (O'z) ishida g'olibdir, lekin odamlarning aksariyati (buni) bilmaydilar.

12.22 . Voyaga yetgach, unga hukm (hakamlik) va ilm ato etdik. Chiroyli ish qiluvchilarni shu tarzda mukofotlaymiz.

12.23 . U (Yusuf) uyida bo'lgan ayol (Zulayxo) undan nafsi (jinsiy yaqinlik qilishi)ni talab qildi va eshiklarni qulflab: "Qani kel!" -dedi. (Yusuf) dedi: "Alloh saqlasin! Axir, u (ering) xojam-ku?! Menga yaxshi joy bergan bo'lsa?! Zolimlar, zotan, iqbolsiz bo'lurlar!"

12.24 . (Zulayxo) unga moyil, u (Yusuf dili) ham bunga moyil bo'lgandi. Agar Rabbining hujjatini ko'rmaganda (bo'lar ish bo'lar edi). Shu tarzda undan yomonlik va fahshni burib yubordik. Albatta, u (dili) xolis bandalarimizdandir.

12.25 . (Ikkisi) eshik tomon quvlashib ketdi (Yusuf qochdi, u quvdi) va (Zulayxo) uning ko'ylagini orqa tomondan yirtib yubordi. Eshik oldida xojasi (eri)ga yo'liqdilar. (Zulayxo) dedi: "Oilangga yomonlikni ravo ko'rgan kishining jazosi faqat hibsga olinish yoki alamli azobdir".

12.26 . (Yusuf) dedi: "Uning o'zi mendan nafsim (jinsiy yaqinlik qilishim)ni talab qildi". Uning (Zulayxoning) qarindoshlaridan biri guvohlik berib: "Agar uning ko'ylagi old (tomon)dan yirtilgan bo'lsa, u (Zulayxo) rost so'zlagan, u (Yusuf) esa yolg'onchilardandir.

12.27 . Bordiyu ko'ylagi orqa (tomon)dan yirtilgan bo'lsa, u (Zulayxo) yolg'on so'zlagan, u esa rostgo'ylardandir".

12.28 . (Zulayxonining eri uning) ko'ylagi orqa tomonidan yirtilganini ko'rgach: "Albatta, bu siz (ayollar)ning makrlaringizdir. Haqiqatan, sizlarning makringiz ulkandir.

12.29 . Yusuf! Bu (ish)ni qo'ygin, sen esa (ey, Zulayxo) gunohing uchun kechirim so'ra. Zero, sen yanglishganlardan bo'lding", - dedi.

12.30 . Shahardagi ayollar: "Hokimning xotini o'z xizmatkori bilan o'ynashmoqchi bo'libdi. Yuragidan urib qo'yibdi. Albatta, biz uni aniq adashganlikda deb bilurmiz", - dedilar.



back 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 next