FUSSILAT surasi41.41 . O'zlariga Zikr (Qur'on) kelgan vaqtda unga kofir bo'lgan kimsalar (azobga yo'liqurlar). Shubhasiz, u aziz Kitobdir. 41.42 . Unga oldidan ham, ortidan ham (hech qanday) botil (nohaqlik) kelmas. (U) hikmat va hamd egasi (tomoni)dan nozil qilingandir. 41.43 . (Ey, Muhammad,) Sizga ham, faqat Sizdan avvalgi payg'ambarlarga (kofirlar tomonidan) aytilgan so'zlargina aytilur. Shubhasiz, Parvardigoringiz mag'firatli va alamli azob sohibidir. 41.44 . Agar, Biz (Qur'onni) ajamiy (arab tilida bo'lmagan) Qur'on qilganimizda, albatta, ular: "Uning oyatlari (o'z tilimizda) bayon qilinmabdi-da. (Muhammadning o'zi) arab-ku, (nega unga) ajamiy (Qur'on tushibdi?)" - degan bo'lur edilar". Ayting: "(Ushbu Qur'on) imon keltirgan zotlar uchun hidoyat va (dildagi ma'naviy illat uchun) shifodir". Imon keltirmaydigan kimsalarning esa, quloqlarida og'irlik (karlik) bordir va u (Qur'on) ularga ko'rlik (omili) bo'lur. Ular (go'yo) uzoq bir joydan chaqirilayotgan kishilar (kabi)dirlar. 41.45 . (Ey, Muhammad,) Darhaqiqat, Biz Musoga Kitob (Tavrot) ato etganimizda, u (Tavrot) haqida ham ixtilof qilingandir. Agar Rabbingiz tomonidan (jazo qiyomat Kuni bo'lishi haqida) So'z kechmaganida, ularning o'rtasida ajrim qilingan bo'lur edi. Haqiqatan ham, ular u (Qur'on) haqida shak-shubhadadirlar. 41.46 . Kimki yaxshi amal qilsa, o'zi uchundir. Kim yomonlik qilsa ham o'z ziyonigadir. Rabbingiz bandalarga zulm qiluvchi emasdir. 41.47 . Qiyomat ilmi (haqida) Uning O'zigagina murojaat qilinur. Barcha mevalarning o'z shonalaridan chiqishi ham, bir ayolning homila olib, ko'z yorishi ham, albatta, Uning ilmi bilan bo'lur. U zot (mushriklarga): "Mening "sheriklarim" qani"?! - deb nido qiladigan Kunda, ular: "Bizlar Senga bildirurmizki, oramizda ("sheriklaring" borligiga) birorta ham guvoh yo'qdir", - deydilar. 41.48 . O'zlari ilgari (dunyo hayotida) sig'inib o'tgan narsalari ulardan g'oyib bo'lur. Ular o'zlari uchun qochadigan biror joy yo'q ekanligiga ishonadilar. 41.49 . Inson (o'zi uchun) yaxshilik tilashdan malollanmas. Agar unga yomonlik yetib qolsa, u umidsizlikka, tushkunlikka tushuvchidir. 41.50 . Qasamki, agar unga biror kulfat yetganidan so'ng Biz O'z tomonimizdan biror marhamatni tottirsak, albatta, u: "Bu yolg'iz o'zimdan. Men qiyomat qoyim bo'lishiga ishonmayman. Qasamki, agar (qiyomat bo'lib), men Parvardigorimga qaytarilsam, hech shak-shubhasiz, Uning dargohida ham men uchun go'zal (oqibat) (jannat) bo'lur", - der. Bas, albatta, Biz kofir bo'lgan kimsalarga o'zlari qilgan amallarining xabarini berurmiz va albatta, ularga daІal azobdan tottirurmiz. 41.51 . Qachonki, Biz insonga in'om etsak, u (Bizdan) yuz o'girar va o'z tomoniga ketar. Qachonki, unga yomonlik yetib qolganda esa, u uzundan-uzoq duo iltijolidir. 41.52 . (Ey, Muhammad, mushriklarga) ayting: "Xabar bering-chi, agar (Qur'on) haqiqatan ham Alloh huzuridan (kelgan) bo'lsa-yu, so'ngra sizlar u (Qur'on)ga kofir bo'lsangizlar, (u holda) kim (sizlardek) chuqur ixtilofda bo'lgan kimsalardan adashganroq bo'lur?!" 41.53 . Toki ularga u (Qur'on)ning haq ekanligi aniq ma'lum bo'lgunicha, albatta, Biz ularga atrofdagi va o'z vujudlaridagi alomatlarimizni ko'rsatajakmiz. Axir, (ularga) Parvardigoringizning barcha narsaga guvoh ekani kifoya emasmi?! 41.54 . Ogoh bo'lingizkim, albatta, ular Parvardigorlari bilan muloqotda bo'lishdan shubhadadirlar! Ogoh bo'lingizkim, albatta, U barcha narsani ihota etuvchidir!
|