FUSSILAT surasi



41.11 . So'ngra tutun holatda bo'lgan osmonni (yaratishni) qasd etib, unga va Yerga: "(Farmonimga) ixtiyoriy yoki majburiy holda kelinglar!" - degan edi, ular: "O'z ixtiyorimiz bilan keldik", - dedilar.

41.12 . Bas, ikki kunda yetti osmonni barpo qildi va har bir osmonga (unga buyurilgan) ishni (vazifasi)ni vahiy qildi. Biz quyi osmonni chiroqlar (yulduzlar) bilan bezadik va (uni ofatlardan) saqladik. Bu qudratli va bilimli zotning taqdiri (o'lchovi)dir.

41.13 . Bas, agar ular (Makka mushriklari) yuz o'girsalar, u holda ayting: "Men sizlarni xuddi Od va Samud (qabilalarini urgan) chaqmoqqa o'xshagan bir chaqmoq (halokat)dan ogohlantirdim".

41.14 . O'shanda payg'ambarlari ularning oldilaridan ham, orqalaridan ham kelishib: "Faqat Allohgagina ibodat qilinglar" (deganlarida), ular: "Agar Rabbimiz (payg'ambar yuborishni) xohlaganida, albatta, farishtalarni nozil qilgan bo'lur edi. Bas, (sizlar odamzot ekansizlar,) sizlar elchi qilib yuborilgan dinga biz kofirdirmiz", - dedilar.

41.15 . Bas, Od (qabilasi) yerda nohaq kibrlandilar va "Kuch-quvvatda bizlardan kim zo'rroq?" - dedilar. Axir, ular o'zlarini yaratgan Alloh kuch-quvvatda ulardan zo'rroq ekanini bilmadilarmi?! Ular Bizning oyatlarimizni inkor etuvchi bo'ldilar.

41.16 . Bas, ularga (mana shu) dunyo hayotida xor qiluvchi azobni totdirib qo'yish uchun nahs kunlarda ustilariga bir dahshatli bo'ron yubordik. Oxirat azobi esa, shubhasiz, yanada xor qiluvchiroqdir va ularga yordam berilmas.

41.17 . Samud (qabilasi) esa, bas, ularni (to'g'ri yo'lga) hidoyat qilgan edik, ular hidoyatni qo'yib, ko'rlikni (zalolatni) ixtiyor qildilar. Bas, o'z qilmishlari sababli ularni xor etuvchi azob chaqmog'i urdi.

41.18 . Imon keltirgan va taqvoli bo'lgan zotlarga najot berdik.

41.19 . Allohning dushmanlari do'zaxga (haydalish uchun) to'planib, tizilib turadigan Kunni (eslang).

41.20 . Bas, qachonki, ular (do'zaxga) kelishgach, ularning quloqlari, ko'zlari va terilari ular qilib o'tgan narsa (ish)lari haqida o'zlariga qarshi guvohlik berur.



back 1 2 3 4 5 next