FUSSILAT surasi41.21 . Ular terilariga: "Nima uchun bizga qarshi guvohlik berdinglar?" - deyishganida, (terilari): "Bizlarni, barcha narsani so'zlatgan zot - Alloh so'zlatdi. Sizlarni ilk bor U yaratgan va sizlar yana Uning O'zigagina qaytarilmoqsizdalar", - deydilar. 41.22 . Sizlar (dunyoda gunoh ishlarda) quloqlaringiz, ko'zlaringiz va terilaringiz sizlarga guvoh bo'lishidan yashirinmas edingizlar. Lekin sizlar qilayotgan amallaringizdan ko'pini Alloh bilmaydi, deb o'yladingizlar. 41.23 . Rabbingiz haqida o'ylagan mana shu gumonlaringiz sizlarni halok qildi. Bas, sizlar ziyon ko'ruvchilarga aylanib qoldingizlar. 41.24 . Endi, agar ular (azobga) chidasalar, ana o'sha do'zax joylaridir. Agar ortga qaytishni talab qilsalar, endi ular qaytariluvchilardan emaslar. 41.25 . Biz ular uchun (yo'ldan ozdiradigan) "do'stlar" tayyorlab qo'ydik, bas, o'shalar ularga oldilaridagi va orqalaridagi (gunohlarini) chiroyli ko'rsatdilar va ularga ham, o'zlaridan avval o'tib halok bo'lgan insu jindan iborat ummatlar qatorida, So'z (azob) muqarrar bo'ldi. Haqiqatan, ular ziyon ko'rgan bo'ldilar. 41.26 . Kofir bo'lgan kimsalar (bir-birlariga): "Muhammad tilovat qilayotgan vaqtda) sizlar bu Qur'onga quloq solmanglar va (uni chalg'itish uchun) javrayveringlar, (shunda) zora g'olib bo'lsangizlar!" - dedilar. 41.27 . Bas, albatta, (o'sha) kofir bo'lgan kimsalarga qattiq azobni tottirurmiz va ularni o'z qilmishlari uchun eng yomon jazo bilan jazolaymiz. 41.28 . Bu (azob) Alloh dushmanlarining jazosi bo'lmish do'zaxdir. Ular uchun oyatlarimizni inkor qiluvchi bo'lganlari sababli o'sha joyda mangu qolish bordir. 41.29 . Kofir bo'lgan kimsalar deydilar: "Parvardigoro, bizlarni (To'g'ri yo'lingdan) ozdirgan insu jindan bo'lmish kimsalarni bizlarga ko'rsatgin, ularni oyoqosti qilaylik, toki ular (do'zaxning qa'ridagi) eng tuban (xor) kimsalardan bo'lsinlar". 41.30 . Albatta: "Rabbimiz - Alloh", - deb so'ngra (toat-ibodatda) to'g'ri (ustivor) bo'lgan zotlar huzuriga (o'lim paytida) farishtalar tushib (derlar): "Qo'rqmanglar va g'amgin bo'lmanglar. Sizlarga va'da qilingan jannat xushxabari bilan shodlaninglar!
|