G`OFIR surasi



40.61 . Alloh sizlarga orom olishingiz uchun kechani va (kasb va sayr qilishingiz uchun) yorug' kunduzni yaratib qo'ygan zotdir. Albatta, Alloh odamlarga nisbatan fazl sohibidir. Lekin odamlarning ko'plari shukr qilmaydilar.

40.62 . Mana shu Alloh - Parvardigoringizdir. (U) barcha narsaning yaratuvchisidir. Undan o'zga iloh yo'qdir. Bas, qayoqqa burilib ketmoqdasizlar?!

40.63 . Allohning oyatlarini inkor etuvchi kimsalar mana shunday burilib keturlar.

40.64 . Alloh sizlar uchun Yerni qarorgoh, osmonni tom qilib qo'ygan va sizlarga surat(shakl) berib, suratlaringizni go'zal qilgan hamda sizlarni pok narsalardan rizqlantirgan zotdir. Mana shu Alloh - Parvardigoringizdir. Bas, (barcha) olamlarning Parvardigori bo'lmish Alloh barakotlidir.

40.65 . U tirikdir. Undan o'zga iloh yo'qdir. Bas, (ey, mo’minlar,) sizlar (Allohga) dinni unga xolis qilgan holingizda duo (ibodat) qilingiz! Hamd (barcha) olamlarning Rabbi Allohga (xos)dir.

40.66 . (Ey, Muhammad,) ayting: "Men o'zimga Rabbim (tomoni)dan hujjatlar kelgan paytda, sizlar Allohni qo'yib duo qilayotgan narsalaringga ibodat qilishdan man etilganman va (barcha) olamlarning Rabbiga bo'yin sunishga buyurilganman.

40.67 . U sizlarni (Odamni) tuproqdan, so'ngra (avlodlarini) nutfadan, so'ngra laxta qondan yaratgan zotdir. So'ngra U sizlarni (ona qornidan) chaqaloq holingizda (dunyoga) chiqarur. So'ngra (U) sizlarni voyaga yetishingizga, so'ngra qarishingizga (qo'yib berur). Sizlarning orangizda (balog'at yoki keksalik yoshidan) ilgari vafot topadigan kishilar ham bo'lur. (U) sizlarni belgilangan ajalga yetishingizga (qo'yib berur). Shoyadki, aql yurgizsangizlar.

40.68 . U tiriltiradigan va o'ldiradigan zotdir. Bas, qachon biror ishni hukm qilsa, unga faqat: "Bo'l!" - der, xolos. Bas, u (ish) bo'lur.

40.69 . Allohning oyatlari haqida tortishadigan kimsalarni ko'rmadingizmi? Qayoqqa burilib ketmoqdalar?!

40.70 . Kitob (Qur'on)ni va Biz payg'ambarlarimiz bilan yuborgan narsalarni (Kitoblarni) yolg'on degan kimsalar yaqinda (qiyomat Kunida) bilajaklar.



back 1 2 3 4 5 6 7 8 next