G`OFIR surasi



40.41 . Ey, qavmim, nega men sizlarni najotga (jannatga) chorlasam, sizlar meni do'zaxga chorlamoqdasizlar?!

40.42 . Sizlar meni Allohga kofir bo'lishga va o'zim bilmaydigan narsalarni Unga sherik qilishga chaqirmoqdasizlar. Men esa, sizlarni qudratli va o'ta mag'firatli zotga chorlamoqdaman.

40.43 . Shubha yo'qki, albatta, sizlar meni (ibodat qilishga) chaqirayotgan narsalaringiz na dunyoda va na oxiratda (hech kimni) da'vat qila olmas. Albatta, (barchamizning) Allohga qaytishimiz bordir. Darhaqiqat, haddan oshuvchilar - o'shalargina do'zax ahlidirlar.

40.44 . Hali men sizlarga aytayotgan so'zlarni eslaysizlar. Men o'z ishimni Allohga topshirurman. Zero, Alloh bandalarini ko'rib turuvchidir".

40.45 . Bas, Alloh u (imon keltirgan kishi)ni ularning yomon makrlaridan saqladi va Fir'avn zodagonlarini yomon azob o'rab oldi.

40.46 . (U azob qabrdagi bir) olovdirki, ular ertayu kech unga toblanurlar. Qiyomat qoyim bo'ladigan kunda esa, (do'zax farishtalariga): "Fir'avn zodagonlarini eng qattiq azobga kiritinglar" (deyilur).

40.47 . O'shanda ular do'zaxda o'zaro tortishib, zaiflar mutakabbirlarga (sobiq yo'lboshchilariga): "Bizlar sizlarga ergashgan edik, endi sizlar bizlardan do'zax (azobi)ning biror bo'lagini daf qila olurmisizlar?" - derlar.

40.48 . Mutakabbir kimsalar ayturlar: "Bizlarning barchamiz, shubhasiz, unda (do'zaxda)dirmiz. Alloh bandalari o'rtasida O'z hukmini chiqarib bo'ldi".

40.49 . (Shunda) do'zaxdagi kimsalar jahannam qo'riqchilariga: "Parvardigoringizga duo qilinglar, bizlardan biror kun azobni yengillatsin", deganlarida,

40.50 . ular ayturlar: "Axir, sizlarga payg'ambarlaringiz hujjatlar keltirmaganmidilar?!" "Ha, (lekin ularni yolg'onchi qilgan edik)" - deydilar. (Shunda farishtalar ularga) ayturlar: "U holda duo qilaveringlar. (Lekin) kofirlarning duolari, albatta, zoyedir".



back 1 2 3 4 5 6 7 8 next