G`OFIR surasi



40.21 . Axir, ular yer yuzida sayr qilishib, o'zlaridan avval o'tgan, (imonsiz ketgan) kimsalarning oqibatlari qanday bo'lganini ko'rsalar bo'lmaydimi?! Ular (Makka mushriklari)dan ko'ra kuchda va yerdagi osori atiqalari jihatidan zo'rroq edilar. Bas, Alloh ularni gunohlari sababli ushladi va ular uchun Allohdan o'zga biror saqlovchi bo'lmadi.

40.22 . Bunga sabab - ularga payg'ambarlari hujjatlarni keltirganlarida, ular inkor etdilar. Bas, Alloh ularni ushladi (halok qildi). Zero, U quvvatli va azobi qattiqdir.

40.23 . Biz Musoni, mo''jizalarimiz va aniq hujjat bilan yubordik.

40.24 . Fir'avn, Homon va Qorun huzuriga. Ular: "(Muso) yolg'onchi, sehrgardir", - dedilar.

40.25 . Bas, qachonki, (Muso) ularga Huzurimizdan Haq (payg'ambarlik) bilan kelganida, ular: "U bilan birga mo’min bo'lganlarning o'g'illarini o'ldirib, ayollarini tirik qoldiringiz!" - dedilar. (Lekin) kofirlarning makrlari, albatta, zalolatda (zoyelikda)dir.

40.26 . Fir'avn dedi: "Menga qo'yib beringlar, Musoni o'ldiray. (Qani) u Parvardigoriga duo qilsin-chi (unga najot berarmikan)! Men (Muso) sizlarning diningizni o'zgartirib yuborishidan yoki yer yuzida buzg'unchilikni avj oldirishidan qo'rqmoqdaman".

40.27 . Muso aytdi: "Men Rabbim va Rabbingiz (bo'lmish Alloh)dan Hisob kuniga imon keltirmaydigan barcha mutakabbirlarning yomonligidan panoh berishini so'rayman.

40.28 . (Shunda) Fir'avn zodagonlaridan bo'lgan, o'zining imonini yashirib yuradigan bir mo’min kishi dedi: "Bir kishini, "Mening Rabbim Allohdir", - degani uchun o'ldirasizlarmi?! Holbuki, u sizlarga Rabbingiz tomonidan hujjatlarni keltirgandir. Agar u yolg'onchi bo'lsa, yolg'oni o'ziga! Bordiyu rostgo'y bo'lsa, (u holda) sizlarga u va'da qilayotgan (azoblardan) ayrimlari yetib qoladi-ku! Albatta, Alloh haddan oshuvchi va yolg'onchi kimsalarni hidoyat qilmas.

40.29 . Ey, qavmim, bugun-ku hukmronlik sizlarniki, (shu) yerda g'olibsizlar. Endi, agar bizlarga Allohning azobi kelsa, kim bizlarga yordam berur?!" Fir'avn aytdi: "Men sizlarga faqat o'zim ra'y qilayotgan narsani (Musoni o'ldirishni) ko'rsatayapman va men sizlarni faqat To'g'ri yo'lga yetaklayman".

40.30 . Imon keltirgan kishi dedi: "Ey, qavmim, men sizlarning ustingizga ham xuddi (o'tgan) firqalar kuni (tushib qolishi)dan qo'rqaman.



back 1 2 3 4 5 6 7 8 next