G`OFIR surasi



40.11 . Ular deydilar: "Parvardigoro, Sen bizlarni ikki bor o'ldirding va ikki bor tiriltirding. Bas, bizlar (dunyoda qilgan) gunohlarimizni e'tirof etdik. Endi (bu azobdan) chiqishga biror yo'l bormi?" 11-oyat. Ikki bor o'ldirib, ikki bor tiriltirishdan murod - ona qornida to to'rt oygacha jonsiz yotish, so'ng jonlanib, yashab, so'ng ajali yetganda vafot etishi, so'ngra qiyomat kunidagi tirilishdir.

40.12 . (Yo'q!) Bunga sabab, (sizlarni) Allohga (ibodat qilishga) da'vat qilinganda kofir bo'lib, agar Unga shirk keltirilsa, ishonib ketishlaringizdir. Bas, barcha hukm oliy va buyuk Allohnikidir.

40.13 . U sizlarga O'z alomatlarini ko'rsatur va sizlarga osmondan rizq yog'dirur. (Lekin bu alomatlardan) faqat (Allohga) inobat (taslim) qiladigan kishigina eslatma olur.

40.14 . Bas, (ey, mo’minlar,) garchi kofirlar yomon ko'rsalar-da, Allohga - Unga dinni xolis qilgan holingizda duo (ibodat) qilingiz!

40.15 . (U) darajalarni ko'taruvchi va Arsh sohibidir. Bandalaridan O'zi xohlagan kishilarga - (insonlarni) muloqot kunidan (qiyomatdan) ogohlantirishi uchun O'z amri bilan ruh (vahiy) tushirar.

40.16 . Ular (qabrlaridan) chiqadigan Kunda Allohga ulardan biror narsa maxfiy bo'lib qolmas. "Bu Kunda podshohlik kimnikidir?" Yagona va g'olib Allohnikidir.

40.17 . Bu Kunda har bir jon o'zi qilgan ishi (amali) bilan jazolanur. Bu Kunda (hech kimga) zulm qilish yo'q. Albatta, Alloh hisobi tez zotdir.

40.18 . (Ey, Muhammad,) Siz ularni yaqin kundan (qiyomatdan) ogohlantiring! O'shanda ular yuraklari halqumlariga tiqilib, qayg'ularini yutib tururlar. Zolim (kofir) kimsalar uchun (u Kunda) na bir do'st va na ma'qullanadigan shafoatchi bo'lur.

40.19 . (Alloh) ko'zlarning xiyonatini (qarash man etilgan narsaga o'g'rincha ko'z tashlashini) ham, dillar yashiradigan narsalarni ham bilur.

40.20 . Alloh haqqoniy hukm qilur. Ular (Allohni) qo'yib sig'inayotgan narsalari esa, biror narsaga hukm qila olmaslar. Albatta, Allohning O'zi eshituvchi va ko'rib turuvchi zotdir.



back 1 2 3 4 5 6 7 8 next