ZUMAR surasi39.61 . Alloh, taqvo qilgan zotlarni yutuqlari sababli (oxirat azobidan) qutqarur, ularga biror noxushlik ham yetmas va ular g'amgin ham bo'lmaslar. 39.62 . Alloh barcha narsaning yaratuvchisidir. U barcha narsaga vakil (homiy)dir. 39.63 . Osmonlar va Yerning ochqichlari Undadir. Alloh oyatlariga kofir bo'lgan kimsalar - ana o'shalargina ziyon ko'ruvchilardir. 39.64 . (Ey, Muhammad, mushriklarga) ayting: "Hali sizlar meni Allohdan o'zgaga ibodat qilishga buyuryapsizlarmi, ey, nodonlar!" 39.65 . Darhaqiqat, Sizga va Sizdan oldingi (payg'ambarlarga) (shunday) vahiy qilingan edi: "Qasamki, agar mushrik bo'lsang, albatta, qilgan amaling behuda ketur va albatta, ziyon ko'ruvchilardan bo'lib qolursan! 39.66 . Balki faqat Allohgagina ibodat qilgin va shukr qiluvchilardan bo'lgin!" 39.67 . Ular Allohni haqqoniy (ravishda) qadrlamadilar (tanimadilar). Butun Yer qiyomat kunida Uning uchun bir siqimdir. Osmonlar esa Uning "qo'li"ga yig'iluvchidir. U ularning keltirayotgan shirklaridan pok va yuksakdir! 39.68 . Sur chalinadi-yu, osmonlar va Yerdagi bor jonzot o'ladi, illo Alloh xohlagan zotlargina (tirik qolurlar). So'ngra u yana bir bor chalinganda, nogoh ular (barcha xaloyiq tirilib, qabrlaridan) turib, (Allohning amriga) qarab turarlar. 39.69 . Yer (mahshargoh) Parvardigorining nuri bilan yorishadi; kitob (nomai a'mol hozirlab) qo'yiladi; payg'ambarlar va guvohlar keltiriladi va ularning o'rtalarida zulm qilinmagan holda haqqoniy hukm qilinadi. 39.70 . Har bir jonga qilgan amali (uchun mukofot yoki jazo) komil qilib beriladi U ularning qilayotgan ishlarini juda yaxshi biluvchidir. 39.71 . Kofir bo'lgan kimsalar guruh-guruh qilinib, jahannamga haydalur. To qachonki, ular (jahannamga) kelib yetganlargalarida, uning darvozalari ochiladi va uning qo'riqchilari ularga: "Sizlarga o'zlaringizdan bo'lgan payg'ambarlar - Rabbingiz oyatlarini sizlarga tilovat qilib sizlarni mana shu Kuningizdagi muloqotdan ogohlantirgan hollarida kelmaganmidilar", - deganlarida, ular: "Ha, (kelganlar), lekin azob So'zi kofirlar bo'yicha muqarrar bo'lgandir",- deydilar. 39.72 . (Shunda ularga) aytiladi: "Jahannam darvozalaridan kiringlar! Sizlar o'sha joyda mangu qolursizlar!" Bas, kibrli kimsalarning joylari naqadar yomondir! 39.73 . Parvardigorlaridan qo'rqqan taqvoli zotlar ham guruh-guruh holda jannatga "haydalurlar". To qachonki, ular uning darvozalari ochilgan holda ekanida yetib kelganlarida va uning qo'riqchilari: "Sizlarga salom! Xush keldingiz! Bas, unga mangu qoluvchi bo'lgan hollaringizda kiringiz", - deganlarida (ular behad shodlanurlar). 39.74 . Ayturlar: "Bizlarga va'dasini rost qilgan va bizlarni (bu) yerga voris qilgan Allohga hamdki, jannatdan o'zimiz xohlagan yerdan o'rin olyapmiz", - derlar. Bas, (chiroyli) amal qiluvchilarning mukofoti naqadar yaxshidir! 39.75 . (Ey, Muhammad,) Siz (o'sha Kunda) farishtalar Arsh atrofini o'rab olgan hollarida, Parvardigorlariga hamd bilan tasbeh aytayotganlarini ko'rarsiz. (Zero,) ularning o'rtalarida haqqoniy hukm qilindi va "Hamd (barcha) olamlarning Parvardigori Allohgadir!" deyildi.
|