ZUMAR surasi39.1 . (Ushbu Qur'on) qodir va hakim - Alloh (tomoni)dan nozil qilingan Kitobdir. 39.2 . (Ey, Muhammad,) albatta, Biz Sizga bu Kitobni haqiqatan nozil qildik, bas, Siz Allohga - dinni Unga xolis qilgan holda ibodat qiling! 39.3 . (Ey, insonlar,) ogoh bo'lingizkim, xolis din yolg'iz Allohnikidir. Undan o'zga "do'stlar"ni ("iloh") qilib olgan kimsalar: "Biz faqat ularga bizni Allohga yaqin qilishlari uchungina ibodat qilurmiz" (derlar). Shubha yo'qki, Alloh (qiyomat kunida) ular ixtilof qilayotgan narsalar xususida ularning o'rtasida hukm qilur. Albatta, Alloh yolg'onchi va noshukr kimsalarni hidoyat qilmas. 39.4 . Agar Alloh farzand tutishni istasa, so'zsiz, O'zi yaratgan narsalaridan xohlaganini tanlab olgan bo'lur edi. U (bunday aybdan) pokdir. U yagona va g'olib Allohdir! 39.5 . U osmonlar va Yerni haq (hikmat) bilan yaratgandir. U kechani kunduzning ustidan o'rar, kunduzni kechaning ustidan o'rar. U quyoshni ham, oyni ham (O'z amriga) bo'yin sundirib qo'ygandir. (Ularning) har biri ma'lum muddatgacha joriy bo'lur. Ogoh bo'lingizkim, U qudratli va o'ta kechirimli zotdir! 39.6 . (U) sizlarni bir jondan (Odamdan) yaratdi, so'ngra undan juftini (Havvoni paydo) qildi va sizlar uchun chorva hayvonlaridan sakkiz juftni tushirdi (dunyoga keltirdi). U sizlarni onalaringizning qornida uch (qavat) zulmat ichida asta-sekin yaratur. Mana shu Alloh - Rabbingizdir. Hukmronlik faqat Unikidir. Undan o'zga (hech) iloh yo'q. Bas, (Unga ibodat qilmay) qayoqqa burilib ketmoqdasizlar?! 39.7 . Agar sizlar kofir bo'lsangizlar, bas, albatta, Alloh sizlardan behojatdir. U O'z bandalarining kofir bo'lishiga rozi bo'lmas. Agar shukr qilsangizlar (va imon keltirsangizlar) U sizlar uchun rozi bo'lur. Hech bir ko'taruvchi (gunohkor) o'zga (ko'taruvchi)ning yukini (gunohini) ko'tarmas. So'ngra qaytishlaringiz Rabbingiz huzurigadir. Bas, U sizlarga qilib o'tgan amallaringiz xabarini berur. Albatta, U dillardagi sirlarni biluvchidir. 39.8 . Qachonki, insonga biror ziyon tegsa, u Parvardigoriga tavba-tazarru bilan duo qilur. So'ngra, qachonki, (Alloh) O'z tomonidan unga biror ne'mat ato etsa, ilgari (Allohga) qilgan duolarini unutib qo'yar va (o'zgalarni ham) Allohning yo'lidan ozdirish uchun Unga "teng"larni (o'ylab) topur. (Ey, Muhammad,) ayting: "Sen o'z kufring bilan (dunyoda) ozgina foydalanib qol! Albatta, sen do'zax ahlidandirsan". 39.9 . Yoki kechalari sajda qilgan va tik turgan holda ibodat qiluvchi, oxiratdan qo'rqadigan va Parvadigorining rahmatidan umid qiladigan kishi (bilan boshqalar barobarmi?!) Ayting: "Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo'lurmi?!" Darhaqiqat, faqat aql egalarigina eslatma olurlar. 39.10 .(Ey, Muhammad), Mening imon keltirgan bandalarimga ayting: "Parvardigoringizdan qo'rqingiz! Bu dunyoda ezgu ish qilgan zotlar uchun (oxiratda) chiroyli (oqibat - jannat) bordir. Allohning yeri kengdir. Albatta, sabr qiluvchilarga mukofotlari behisob berilur".
|