ZUMAR surasi



39.41 . Biz Sizga (bu) Kitobni haqiqatan barcha odamlar uchun nozil qildik. Bas, kimki hidoyat yo'liga yursa, o'zi uchun yurgan bo'lur. Kimki (yo'ldan) ozsa ham o'zining zarariga ozgan bo'lur. Siz ularning ustidan vakil (qo'riqchi) emassiz.

39.42 . Jonlarni o'lgan vaqtida, o'lmaganlarni esa uxlayotgan paytlarida Alloh olur. Bas, O'zi o'limga hukm qilgan jonlarni (qaytarmasdan) ushlab qolur, boshqalarini esa belgilangan bir muddatgacha (ajallari yetguncha) qo'yib yuborur. Albatta, bunda tafakkur qiladigan qavm uchun alomatlar bordir.

39.43 . Balki ular Allohdan o'zga "oqlovchilar"ni ushlagandirlar. (Ey, Muhammad,) ayting: "Agar ular biror narsaga ega bo'la olmaydigan va (haqiqatni) anglamaydigan bo'lsalar-chi?!"

39.44 . Ayting: "Barcha shafoat (oqlov) faqat Allohnikidir. Osmonlar va Yerning hukmronligi ham Unikidir. So'ngra (barchalaringiz) Ungagina qaytarilursizlar".

39.45 . Qachonki, yolg'iz Alloh zikr qilinsa, oxiratga imon keltirmaydigan kimsalarning dillari siqilib ketar. Qachonki, U zotdan o'zga (but)lar zikr qilinsa, birdan ular shodlanib keturlar.

39.46 . Ayting: "Allohim, (ey) osmonlar va Yerni ilk yaratuvchisi, (ey) yashirin va oshkor narsalarni biluvchi zot, yolg'iz O'zinggina bandalaring o'rtasida ular ixtilof qilib o'tgan narsalar xususida hukm qilursan".

39.47 . Agar zolim (kofir) kimsalar uchun yerdagi (bor) narsa va u bilan birga yana o'shaning mislicha narsa bo'lsa, albatta, ular qiyomat Kunidagi azobning yomonligidan, o'sha (narsalar)ni to'lov qilib berib yuborgan bo'lur edilar. (Chunki u Kunda) ularga Alloh tomonidan ular o'ylab ham ko'rmagan narsalar (azoblar) namoyon bo'lur.

39.48 . Ularga o'zlari kasb etgan yomonliklari oshkor bo'ladi va ularni o'zlari (dunyoda) masxara qilib o'tgan narsa (azob) o'rab oladi.

39.49 . Bas, qachonki, insonga biror ziyon yetsa, bizga duo qilur. So'ngra, qachonki, Biz O'z tomonimizdan unga biror ne'mat ato etsak, u, shubhasiz, bu (ne'mat) menga o'zimning bilimdonligim sababli berildi", - der. Aslida u sinovdir. Lekin, ularning aksariyati bilmaslar.

39.50 . U (so'z)ni ulardan avvalgilar ham aytgan edilar. Bas, ularga o'zlari topgan narsalari asqotgani yo'q.



back 1 2 3 4 5 6 7 next