ZUMAR surasi



39.51 . Bas, ularga qilgan yomonliklari yetdi. Ana ulardan (Makka mushriklaridan) bo'lmish zolimlarga ham yaqinda yomonliklari yetar. Ular (biror ishni) uddalay oluvchi emasdirlar.

39.52 . Axir, ular Alloh O'zi xohlagan kishining rizqini keng qilishini va (O'zi xohlagan kishining rizqini) tang qilishini bilmadilarmi?! Albatta, bunda imon keltiradigan qavm uchun alomatlar bordir.

39.53 . (Ey, Muhammad,) o'z jonlariga zulm qilgan bandalarimga ayting: "Allohning rahmatidan noumid bo'lmangiz! Albatta, Alloh barcha gunohlarni mag'firat qilur. Albatta, Uning O'zi mag'firatli va rahmlidir

39.54 . Sizlarga azob kelib, so'ngra yordam berilmay qolishidan ilgari Rabbingizga qaytinglar va Unga bo'yin suninglar!

39.55 . Sizlarga, o'zlaringiz sezmagan holingizda to'satdan azob kelib qolishidan ilgari, Rabbingiz (tomoni)dan sizlarga nozil qilingan go'zal narsa (Qur'on)ga ergashinglar!

39.56 . Biror jon: "Alloh haqida (Unga ibodat qilishda) sustkashlik qilganimga afsus! Rostdan ham men masxara qiluvchilardan bo'lgan edim", - deb qolmasligi uchun.

39.57 . yoki: "Agar Alloh meni hidoyat qilganida, albatta, taqvodorlardan bo'lur edim", - deb qolmasligi uchun

39.58 . yoki azobni ko'rgan chog'ida: "Qani edi, men uchun yana bir karra (yashashning imkoni) bo'lsa-yu, men ham chiroyli amal qiluvchilardan bo'lsam", - deb qolmasligi uchun (Qur'onga ergashinglar)!

39.59 . "Yo'q, senga Mening oyatlarim kelganida, sen ularni yolg'on degan eding va kibrlanib, kofirlardan bo'lgan eding!"

39.60 . Qiyomat Kunida Alloh sha'niga yolg'on so'zlagan kimsalarni yuzlari qoraygan holda ko'rursiz. Jahannamda mutakabbir kimsalar uchun joy yo'qmi?!



back 1 2 3 4 5 6 7 next