RUM surasi30.31 . Unga o'zingizni topshirgan hollaringizda (dinini mahkam tutinglar) va Undan qo'rqinglar hamda namozni mukammal ado etinglar, mushriklardan bo'lmanglar! 30.32 . Ular (mushriklar) dinlarini bo'lib yuborib, (turli) firqalarga ajralgandirlar. Har bir firqa o'z nazdilaridagi narsa bilan shoddirlar. 30.33 . Qachonki, (dinsiz) odamlarga biror ziyon yetsa, Parvardigorlariga qaytib, unga iltijo qilurlar, so'ngra qachonki, (Alloh) ularga O'z tomonidan marhamatni tottirib qo'ysa, bexos ulardan bir guruhi Parvardigorlariga shirk keltira boshlaydilar. 30.34 . Ular Biz ato etgan ne'matlarga noshukrlik qilaversinlar! Bas, (ey, mushriklar,) foydalanib qolinglar! Bas, yaqinda (haqiqatni) bilib olursizlar! 30.35 . Yoki Biz ularga (osmondan) ularning shirk keltirishlarini (to'g'ri deb) so'zlaydigan biror hujjat nozil qildikmi?! 30.36 . Qachonki, Biz odamlarga biror marhamat tottirsak ular bundan shodlanadilar. Agar o'z qilmishlari sababli ularga biror yomonlik (musibat) yetsa, birdaniga ular noumid bo'la boshlaydilar. 30.37 . Allohning xohlagan kishilar rizqini farovon qilishi va (boshqalar rizqini) tang qilishini ko'rmadilarmi?! Albatta, bunda imon keltiruvchi qavm uchun alomatlar bordir! 30.38 . Bas, qarindosh haqqini ado eting! Miskin va musofir haqqini ham. Ana shu Allohning "yuzi"ni istaydiganlar uchun yaxshidir! Aynan o'shalar iqbollidirlar! 30.39 . Odamlarning mol-mulki ko'paysin deb sizlar bergan ribo (foiz)laringiz, Alloh nazdida (hech narsani) ko'paytirmaydi! Allohning "yuzi"ni maqsad qilib bergan zakotingiz esa, bas, aynan o'shalar ko'paytiruvchilardir! 30.40 . Alloh - sizlarni yaratgan, so'ngra sizlarni rizqlantirgan, so'ngra vafot ettiradigan, so'ngra (qiyomatda) tiriltiradigan zotdir! (Keltirayotgan) shirklaringiz ichida shu (mazkur)lardan birortasini qila oladigani bormi?! Alloh ularning keltirayotgan shirklaridan pok va yuksakdir!
|