RUM surasi30.21 . Uning alomatlaridan (yana biri) - sizlar taskin topishlaringiz uchun o'zlaringizdan juftlar yaratishi va o'rtalaringizda inoqlik va mehribonlik paydo qilishidir. Albatta, bunda tafakkur qiladigan qavm uchun alomatlar bordir. 30.22 . Uning belgilaridan (yana biri) - osmonlar va Yerni yaratishi va sizlarning tillaringiz va ranglaringizni xilma-xilligidir. Albatta, bunda barcha olamlar uchun alomatlar bordir. 30.23 . Uning belgilaridan (yana biri) - kechasi va kunduzi uxlashlaringiz hamda (kunduzlari) Uning fazli (rizqi)dan istashlaringizdir. Albatta, bunda eshitadigan qavm uchun alomatlar bordir. 30.24 . Uning belgilaridan (yana biri) - sizlarga (momaqaldiroqdan) qo'rqqan va (yomg'ir yog'ishidan) umidvor bo'lgan holingizda chaqmoqni ko'rsatishi va osmondan suv (yomg'ir) yog'dirib, u bilan yerni "o'lganidan" so'ng "tiriltirishidir". Albatta, bunda aql yurgizadigan qavm uchun alomatlar bordir. 30.25 . Uning belgilaridan (yana biri) - osmon va Yer Uning amri bilan (fazoda muallaq) turishidir. So'ngra (qiyomatda) U sizlarni (yotgan) yerlaringizdan bir bor chaqirishi bilan barchangiz birdan chiqursizlar. 30.26 . Osmonlar va Yerdagi (bor) jonzotlar Unikidir. Hammasi Unga bo'yin sunur! 30.27 . U ilk bor O'zi yaratib, so'ngra (qiyomat kuni) O'zi yana qayta yaratadigan zotdir. U zotga (bu) juda osondir. Osmonlar va Yerdagi eng oliy masal (yaratishdagi oliy namunalik) Unikidir. U qudratli va hikmatlidir. 30.28 . (Alloh) sizlarga o'zlaringizdan bir misol keltirur: sizlar uchun qo'llaringiz egallagan (qul)laringizdan Biz sizlarga rizq qilib bergan mol-mulkka sherik bo'lib oluvchilar bormiki, sizlar unda barobar bo'lsangiz, holbuki, ulardan go'yo o'zlaringizdan qo'rqqanday qo'rqursizlar! Aql yurgizadigan qavm uchun oyatlarni mana shunday keng bayon qilurmiz! 30.29 . Yo'q, zolim kimsalar biror bilim (hujjat)siz havoyi nafslariga ergashdilar. Bas, Alloh yo'ldan ozdirgan kimsani kim hidoyat qila olur?! Ular uchun (oxiratda) yordam beruvchilar ham bo'lmas! 30.30 . Bas, (ey, Muhammad,) yuzingiz (o'zingiz)ni doimo to'g'ri bo'lgan dinda (Islomda) tuting! Insonlarni o'sha asosda yaratgan Allohning yaratuvchiligini (anglangiz!) Allohning yaratishiga o'zgartirish yo'q. Eng to'g'ri din shudir! Lekin ko'p odamlar bilmaslar.
|