RUM surasi30.11 . Alloh yaratishni boshlar, so'ngra uni (bu yaratishni qiyomatda) takrorlar. So'ngra (hisobkitob uchun) Unga qaytarilursizlar! 30.12 . Qiyomat qoyim bo'ladigan kunda jinoyatchilar noumid bo'lurlar. 30.13 . (U kunda) ular uchun but-sanamlari (tomoni)dan oqlovchilar bo'lmas va ular but-sanamlarini inkor eturlar. 30.14 . Qiyomat qoyim bo'ladigan kun - ana o'sha kunda (mo'minlar bilan kofirlar) bir-birlaridan ajralurlar. 30.15 . Bas, imon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlargina ravza (jannat)da shodlanurlar. 30.16 . Ammo kufr yo'lini tutgan va oyatlarimizni hamda oxirat muloqotini inkor etgan kimsalar - ana o'shalar (mangu) azobga hozir qilinurlar. 30.17 . Bas, tunga kirish paytlaringizda ham, tongga kirish paytlaringizda ham Allohga tasbeh aytingiz! 30.18 . Osmonlar va Yerdagi (bor) hamd Unikidir. Oqshomda ham, peshin paytiga kirishlaringizda ham (tasbeh aytingiz)! 30.19 . (Alloh) o'likdan tirikni chiqarur, tirikdan o'likni chiqarur va yerni "o'lganidan" keyin (bahorda qayta) "tiriltirur". Sizlar ham (qiyomat kunida qabrlaringizdan) shu tarzda chiqarilursizlar. 30.20 . Uning alomatlaridan (biri) - U sizlarni (Odamni) tuproqdan yaratgani, so'ngra sizlar basharga aylanib, (yer yuziga) tarqalishlaringizdir.
|