NAML surasi27.79 . Bas, Siz Allohga tavakkul qiling! Albatta, Siz aniq haqiqat uzradirsiz! 27.80 . Aniqki, Siz (o'z da'vatingizni) "o'liklar"ga uqtira olmassiz va yuz o'girib ketayotgan "karlar"ga ham da'vatni uqtira olmassiz. 27.81. Yana Siz "ko'rlar"ni ham zalolatlaridan (chiqarib, haq yo'lga) hidoyat qila oluvchi emasdirsiz. Siz faqat oyatlarimizga imon keltiradiganlargagina uqtira olursiz. Bas, ular musulmondirlar. 27.82 . Qachon (kofirlarning) ustiga so'z (azob) tushganda (ya'ni, qiyomat oldidan) Biz ular uchun yerdan bir jonivor chiqarurmiz. U ularga odamlar oyatlarimizga ishonmaydigan bo'lib qolganlari haqida gapirur. 27.83 . Biz har bir ummatdan bir guruh - oyatlarimizni inkor etadiganlarni to'plaganimizda ular tizilib turadigan kunni (eslang)! 27.84 . Bas, ular (hisobot beriladigan joyga) kelishgach, (Alloh) aytadi: "Sizlar aniq bilmagan holingizda oyatlarimni yolg'on dedingizmi?! Yoki nima qiluvchi bo'ldingizlar?!" 27.85 . Zolim (kofir) bo'lganlari sababli ularning ustiga (azob to'g'risidagi) so'z tushadi. Bas, ular so'zlay olmaslar. 27.86 .Biz ular taskin topishlari uchun kechani paydo qilganimizni va kunduzni yorug' qilib qo'yganimizni ko'rmadilarmi?! Albatta, bunda imon keltiradigan qavm uchun ibratlar bordir! 27.87 . Sur chalinib, Alloh O'zi xohlagan zotlardan boshqa osmonlardagi va Yerdagi (barcha) kimsalar dahshatga tushib qolgan va barcha U zot (huzuri)ga taslim qilgan holda keladigan kunni (eslang)! 27.88 . Siz tog'larni ko'rib (mangu) qotib turuvchi, deb o'ylarsiz. Holbuki, ular ham xuddi bulutlar (suzib) yurgandek (havoda suzib) yurarlar. (Bu) barcha narsani puxta qilgan zot - Allohning sinoatidir. Albatta, U zot sizlar qilayotgan (barcha) ishlardan ogohdir! 27.89 . Kim yaxshilik (savob) bilan kelsa, bas, uning uchun (o'sha savobidan) yaxshiroq mukofot bo'lur. Va ular o'sha kuni dahshatdan omondadirlar. 27.90 . Kim yomonlik (kufr) bilan kelsa, bas, yuztuban hollarida do'zaxga tashlanurlar. (Va ularga aytilur): "Sizlarga faqat qilib o'tgan amallaringiz jazosi berilur". 27.91 . (Ey, Muhammad, ayting): "Men mana shu shaharning (Makkaning) Parvardigorigagina ibodat qilishga buyurilgandirman. (U bu shaharni) "harom" qilgandir (ya'ni, bu shaharda qon to'kilishi, zulm qilinishi, ov ovlanishi kabilar harom qilingandir). Barcha narsa Unikidir! Men musulmonlardan bo'lishga buyurilgandirman. 27.92 . Shuningdek, Qur'onni tilovat qilishga ham (buyurilgandirman). Bas, kim haq yo'lga yursa, faqat o'zi uchun yurar. Kim yo'ldan ozsa, u holda aytingki: "Men faqat ogohlantiruvchilardandirman". 27.93 . Ayting: "Hamd Allohgakim, U yaqinda sizlarga O'z mo''jizalarini ko'rsatur. Bas, sizlar u (mo''jizalarni) tan olursizlar (lekin u kundagisi foyda bermas)". Rabbingiz sizlarning qilayotgan ishlaringizdan g'ofil emasdir!
|