NAML surasi27.41 . (Sulaymon malikaning farosatini sinash uchun) dedi: "Uning taxtini tanimaydigan qilib, o'zgartirib qo'yinglar, u (tanishga) yo'l topadimi yoki yo'l topa olmaydigan kimsalardan bo'ladimi, ko'rurmiz". 27.42 . Bas, u kelgach: "Taxting shundaymidi?" - deyildi. U: "Xuddi o'shaning o'zi", - dedi. (Sulaymon aytdi: "Alhamdu lillohki), bizlarga undan ilgari ilm berilib, musulmon bo'lganmiz. 27.43 . Uni esa Allohni qo'yib ibodat qilgan narsasi (musulmon bo'lishdan) to'sgandir. Chunki u kofirlar qavmidan edi". 27.44 .(Malikaga): "Saroyga kir", - deyildi. Bas, u (saroyni) ko'rgach, uni suv havzasi deb o'ylab, oyoqlarini ochgan edi, (Sulaymon): "Bu oynadan yasalgan silliq qasrdir", - dedi. (Shunda malika) aytdi: "Ey, Rabbim, darhaqiqat, men (quyoshga sig'inish bilan) jonimga jabr qilibman, (endi) Sulaymon bilan birga olamlar egasi - Allohga bo'yin-sundim". 27.45 . Qasamki, Biz Samud (qabilasi)ga birodarlari Solihni payg'ambar etib yubordik. (U): "Allohga ibodat qilingiz!" (dedi). Bas, bexos ular kelisha olmaydigan ikki guruhga bo'lindilar. 27.46 . (U) aytdi: "Ey, qavmim, nega sizlar azob so'rash bilan yaxshilik (rahmat)dan ilgari yomonlik (azob)ni shoshtirmoqdasiz?! Sizlarga rahm qilinishi uchun Allohdan mag'firat so'rasangizlar bo'lmasmi?!" 27.47 . Ular dedilar: "Bizlar (boshimizga tushgan qahatchilikni) sen va sen bilan birga bo'lganlardan deb shumlandik". U aytdi: "Sizlarning ishingiz Alloh huzuridadir. Aksincha, sizlar imtihon qilinayotgan qavmdirsiz". 27.48 . U shaharda islohot o'rniga yer yuzida buzg'unchilik qilib yuradigan to'qqiz nafar kimsa bor edi. 27.49 . O'shalar Alloh nomiga qasam ichishib (bir-birlariga) aytdilar: "Albatta, (Solihni) va uning ahli (tobelari)ni tunda halok qilurmiz, so'ngra uning vorisiga: "Bizlar (na Solihning va na) uning ahlini halokatiga guvoh bo'lgan emasmiz. Albatta, bizlar rostgo'y kishilardirmiz", - deymiz". 27.50 . Ular makr qildilar. Biz ham ular sezmagan hollarida (ularni halok qilish bilan) "makr" qildik.
|