Nur surasi



24.51 . Alloh va Uning payg'ambariga o'rtalarida hukm chiqarish uchun chorlangan vaqtlarida, mo'minlarning so'zi "eshitdik va bo'yin sundik" (demoqdir). Ana o'shalargina iqbollidirlar.

24.52 . Kimki Alloh va Uning payg'ambariga itoat etsa va Allohdan qo'rqib, taqvo qilsa, bas, aynan o'shalargina yutuq egalaridirlar.

24.53 . (Munofiqlar) agar siz amr etsangiz, albatta, (jihodga) chiqishlari haqida (jon) jahdlari bilan qasam ichdilar. Ayting: "Qasam ichmanglar! (Jihod) ma'lum bir toatdir (qasam ichishga hojat yo'qdir). Albatta, Alloh qilayotgan ishlaringizdan xabardordir".

24.54 . Ayting: "Allohga bo'yin suningiz va Payg'ambarga bo'yin suningiz! Endi, agar yuz o'girsangizlar, bas, (Payg'ambar) zimmasida o'ziga yuklangan narsa (Allohning buyrug'ini yetkazish) bordir. Sizlarning zimmangizda esa o'zlaringizga yuklangan narsa (unga bo'yin sunish) bordir. Agar unga itoat etsangiz, hidoyat topursizlar. Payg'ambar zimmasida faqat (sizlarga haq dinni) yetkazish bordir.

24.55 . Alloh sizlardan imon keltirgan va ezgu ishlarni qilgan zotlarga xuddi ilgari o'tgan (imonli) zotlarni (yer yuziga) xalifa (hukmron) qilganidek, ularni ham yer yuzidagi xalifa qilishni va ular uchun o'zi rozi bo'lgan (Islom) dinini mustahkam qilishni hamda ularning (Makkadagi ko'rgan) xavf-xatarlaridan so'ng (Madinada) xotirjamlikka aylantirib qo'yishni va'da qildi. Ular Menga ibodat qilurlar va Menga biror narsani sherik qilmaslar. Kimki mana shu (va'da)dan keyin noshukrlik qilsa, bas, ular fosiqlardir.

24.56 . (Ey, mo'minlar,) namozni mukammal ado etinglar, zakotni beringlar va Payg'ambarga itoat etinglar, zora (shunda) rahm qilinsangizlar.

24.57 . (Ey, Muhammad,) kofir bo'lgan kimsalarni yer yuzida (Allohni) ojiz qoldiruvchi (g'olib)lar deb o'ylamang! Ularning (borar) joylari do'zaxdir. Naqadar yomon oqibat u!

24.58 . Ey mo'minlar, qo'l ostingizdagi (qul va cho'ri)laringiz hamda balog'atga yetmagan (farzand)laringiz uch marta (huzuringizga kirishda) sizlardan izn so'rasinlar - bomdod namozidan ilgari, peshin vaqtida (issiqdan) kiyimlaringizni tashlagan paytingizda va xufton namozidan keyin. (Bu) uch (vaqt) sizlarning avratlaringiz (ochiq bo'lishi mumkin bo'lgan vaqtlar)dir. Ular o'sha (vaqtlar)dan so'ng (izn so'ramay kirsalar,) sizlarga ham, ularga ham gunoh yo'qdir. (Chunki) ular sizlarga, biringiz biringizga kelib-ketib turuvchidirsizlar. Alloh oyatlarini sizlarga mana shunday bayon qilur. Alloh bilim va hikmat sohibidir.

24.59 . Qachonki, go'daklaringiz balog'atga yetsalar, bas, ular ham xuddi o'zlaridan oldingi (balog'atga yetgan)lar kabi izn so'rasinlar! Alloh O'z oyatlarini sizlarga mana shunday bayon qilur. Alloh bilim va hikmat sohibidir.

24.60 . Xotinlardan o'tirib (keksayib) qolgan, nikoh (erga tegish)ni o'ylamaydiganlari biror ziynat bilan yasanmagan hollarida kiyimlarini (yopinchiqlarini) yechib qo'yishlarida ularga gunoh yo'qdir. O'zlarini pok (yopinchiqda) tutishlari ular uchun yaxshiroqdir. Alloh eshituvchi va biluvchidir.

24.61 . (Jangga chiqmaslikda) ko'zi ojiz kishiga gunoh yo'qdir, cho'loqqa ham gunoh yo'qdir, bemorga ham gunoh yo'qdir. (Ey, mo'minlar,) o'z uylaringizdan, yo otalaringizning uylaridan, yo onalaringizning uylaridan, yo aka-ukalaringizning uylaridan, yo opa-singillaringizning uylaridan, yo amakilaringizning uylaridan, yo ammalaringizning uylaridan, yo tog'alaringizning uylaridan, yo xolalaringizning uylaridan, yo sizlar kalitlariga ega bo'lgan uylardan, yo do'stingizning uyidan (izn so'ramasdan) taomlanishingizda sizlarga (gunoh yo'qdir). To'plangan yo bo'lingan hollaringizda taomlanishingizda sizlarga gunoh yo'qdir. Bas, qachonki, uylarga kirsangizlar, bir-birlaringizga Alloh huzuridan bo'lgan muborak, pokiza salomni aytinglar (ya'ni, "Assalomu alaykum" denglar). Sizlar aql yurgizishlaringiz uchun Alloh o'z oyatlarini sizlarga mana shunday bayon qilur.

24.62 . Albatta, mo'minlar faqat Allohga va Uning payg'ambariga imon keltirgan zotlardir. Ular (payg'ambar) bilan biror umumiy ish ustida bo'lgan vaqtlarida - to undan izn so'ramagunlaricha - ketmaslar. Faqat Sizdan izn so'raydigan zotlar - aynan o'shalargina Alloh va Uning payg'ambariga imon keltiradigan zotlardir. Endi, qachonki, ular Sizdan ba'zi bir ishlari uchun izn so'rasalar, bas, ulardan xohlaganlaringizga izn bering va Allohdan ularga mag'firat so'rang! Albatta, Alloh kechirimli va rahmlidir.

24.63 . (Ey, mo'minlar,) payg'ambarni chaqirishni o'rtalaringizda bir-birlaringizni chaqirish kabi qilmangizlar! Sizlardan berkingan hollarida (payg'ambar huzuridan) sug'urilib chiqib ketadigan kimsalarni Alloh yaxshi bilur. (Payg'ambarning) amriga xilof ish tutadigan kimsalar o'zlariga biror kulfat yetib qolishidan yoki alamli azob yetib qolishidan saqlansinlar!



back 1 2 3 4 5 6