Nur surasi24.41 . (Ey, Muhammad,) Allohga osmonlar va Yerdagi bor jonzot, saf tortgan qushlar ham tasbeh aytishini ko'rmadingizmi? Har biri o'z duo va tasbehini bilur. Alloh esa, ularning qilayotgan (barcha) ishlarini biluvchidir. 24.42 . Osmonlar va Yerning podshohligi Allohga xosdir. Qaytish ham Allohning huzurigadir. 24.43 . Allohning bulutlarni haydashini, so'ngra ularni birlashtirishini, so'ngra ularni ustma-ust qalashtirishini ko'rmadingizmi? So'ngra (bulut) orasidan yomg'ir chiqayotganini ko'rasiz. (Alloh) osmondan - undagi tog' (bulut)lardan do'l yog'dirib, uni o'zi xohlagan kishilarga yetkazur va o'zi xohlagan kishilardan burib yuborur. Chaqmog'ining yorug'ligi ko'zlarni ketkazgudekdir. 24.44 . Alloh kecha va kunduzni aylantirib turar. Albatta, bunda ko'z egalari (oqillar) uchun ibrat bordir. 24.45 . Alloh barcha jonivorni suvdan yaratdi. Ulardan qorni bilan (sudralib) yuradiganlari ham, ikki oyoqda yuradiganlari ham, to'rt (oyoq)da yuradiganlari ham bordir. Alloh o'zi xohlagan narsani yaratur. Albatta, Alloh barcha narsaga qodirdir! 24.46 .Darhaqiqat, Biz bayon etuvchi oyatlarni nozil qildik. Alloh o'zi xohlagan kishilarni To'g'ri yo'lga boshlar. 24.47 . Ular (ya'ni, munofiqlar): "Allohga va payg'ambarga imon keltirdik va bo'yin sundik", - deydilaru, shundan keyin ulardan bir guruhi yuz o'girib ketur. Ana o'shalar mo'min emasdirlar. 24.48 . Qachonki, o'rtalarida hukm chiqarish uchun Alloh va Uning payg'ambariga chorlansalar, birdaniga ulardan bir guruhi (payg'ambar huzuriga kelishdan) bosh tortuvchilardir. 24.49 . Agar haqiqat ular (taraf)da bo'lsa, (payg'ambar oldiga) bo'yin sunib kelurlar. 24.50 . Ularning dillarida maraz bormi yoki Muhammadning haq payg'ambar ekanligidan shubhalandilarmi yoxud Alloh va Uning payg'ambari ular zarariga hukm qilishidan qo'rqadilarmi?! Yo'q! Ularning o'zlari zolimlardir!
|