Nur surasi24.21 . Ey, imon keltirganlar! Shaytonning izidan ergashmanglar! Kim shaytonning izidan ergashsa, bas, albatta, (shayton) buzuqlik va yovuzlikka buyurur. Agar sizlarga Allohning fazli va rahmati bo'lmaganda edi, sizlardan biror kishi (gunohdan) pok bo'lmas edi. Lekin Alloh o'zi xohlagan kishini poklar. Alloh eshituvchi va biluvchidir. 24.22 . Sizlardan fazilat va keng mol-mulk egalari qarindoshlarga, miskinlarga va muhojirlarga Alloh yo'lida ehson qilmaslikka qasam ichmasin, balki ularni afv qilib, kechirsinlar! Alloh sizlarni mag'firat qilishini istamaysizlarmi?! Alloh mag'firatli va rahmlidir. 24.23 . Albatta, (fahsh ishlardan) bexabar, iffatli mo'mina ayollarni badnom qiladigan kimsalar dunyoda ham, oxiratda ham la'natga duchor bo'lurlar. Ularga ulkan azob bordir. 24.24 . (U kun) qilib o'tgan ish (bo'hton)lariga ularning tillari, qo'l va oyoqlari ularning zararlariga guvohlik beradigan kundir. 24.25 . O'sha kuni Alloh ularning haqiqiy jazolarini komil qilib berur va ular Allohning aniq haq ekanini bilurlar. 24.26 . Nopok ayollar nopok erkaklar uchun (loyiq)dir, nopok erkaklar nopok ayollar uchun (loyiq)dir. Pokiza ayollar pokiza erkaklar uchun, pokiza erlar pokiza ayollar uchundir. Aynan o'sha (pokiza erlar va pokiza ayollar) ularning aytayotgan bo'htonlaridan pokdirlar. Ular uchun mag'firat va farovon rizq (jannat ne'matlari) bordir. 24.27 . Ey, imon keltirganlar! O'z uylaringizdan o'zga uylarga to izn so'ramaguningizcha va egalariga salom bermaguningizcha kirmangiz! Mana shu sizlar uchun yaxshidir. Zora, (bu gapdan) eslatma olsangizlar. 24.28 . Bas, agar u (uy)larda hech kimni topmasangizlar, unda to sizlarga izn berilmaguncha ularga kirmangiz! Agar sizlarga "qaytinglar" deyilsa, qaytib ketaveringlar! Shu sizlar uchun eng toza (yo'ldir). Alloh qilayotgan ishlaringizni biluvchidir. 24.29 . (Xususiy) maskan bo'lmagan (mehmonxona, karvonsaroy kabi) sizlar foydalanadigan uylarga (izn so'ramasdan) kirishlaringizda sizlarga gunoh yo'qdir. Alloh oshkor qilayotgan narsangizni ham, yashirayotgan narsangizni ham bilur. 24.30 . (Ey, Muhammad,) mo'minlarga ayting, ko'zlarini (nomahram ayollardan) qo'yi tutsinlar va avratlarini (zinodan) saqlasinlar! Mana shu ular uchun eng toza (yo'ldir). Albatta, Alloh ular qilayotgan (sir) sinoatlaridan xabardordir.
|