AL-ISRO surasi17.61 . Eslang, (Biz) farishtalarga Odamga sajda qiling, deyishimiz bilan sajda qildilar. Faqat iblis (kibrlanib): "Sen loydan yaratgan kimsaga sajda qilamanmi?" - dedi. 17.62 . U (yana shunday) dedi: "Menga xabar bergin-chi, mana shu kimsani mendan ko'ra mukarram qildingmi? Qasamki, agar meni Qiyomat kunigacha (tirik) qoldirsang, albatta, men uning zurriyotini qirib yuborurman (ya'ni, halokat yo'llariga burib yuborurman), faqat ozchiliklarigina (haq yo'lda) qolurlar". 17.63 . (Alloh) aytdi: "Bor, (senga Qiyomatgacha muhlat berdim). Bas, ulardan kimki senga ergashsa, u holda, shubhasiz, jahannam sizlarga to'liq jazo bo'lur! 17.64 . Ulardan kuching yetgan kimsani ovozing (vasvasang) bilan qo'zg'at, ularning ustiga otliq va piyoda (lashkaringni) tort, boyliklari va farzandlarida ularga sherik bo'l (ularni haromdan orttirishga unda), ularga (yolg'on) va'da ber!". Darhaqiqat, shayton ularga faqat aldov narsalarnigina va'da qilur. 17.65 . "Mening (mustahkam, solih) bandalarim ustidan esa sen uchun hech qanday saltanat (hukmronlik) bo'lmas! Parvardigoring yetarli vakolat egasidir". 17.66 . (Ey, insonlar,) Rabbingiz Uning fazlidan (rizq) izlashlaringiz uchun sizlarga dengizda kemalarni yurgizib qo'ygan zotdir. Darhaqiqat, U sizlarga rahmlidir. 17.67 . Dengizda sizlarga biror musibat yetsa, sizlar iltijo qiladigan (ma'buda)lar g'oyib bo'lur, faqat Undan boshqa. Sizlarga najot berib quruqlikka chiqarib qo'ygach esa (Undan) yuz o'girursiz. Darhaqiqat, inson noshukrdir. 17.68 . Sizlarni (U) quruqlik tomonidan (yerga) yuttirib yuborishi yoxud ustingizdan tosh yog'dirishi, so'ngra o'zlaringiz uchun biror vakil (saqlovchi) topolmay qolish (xavfi)dan xotirjammisizlar?! 17.69 . Yoki U sizlarni yana (dengizga) qaytarib, ustingizga qattiq shamol yuborishidan, bas, kofir bo'lganlaringiz sababli g'arq qilishidan, so'ngra sizlarga Bizdan o'ch olib beruvchi topa olmay qolishdan ham xotirjammisizlar?! 17.70 . Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga (ot-ulov va kemalarga) mindirib qo'ydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni O'zimiz yaratgan ko'p jonzotlardan afzal qilib qo'ydik.
|