AL-ISRO surasi



17.1 . (O'z) bandasi (Muhammad)ga mo''jizalarimizdan ko'rsatish uchun tunda, (Makkadagi) Masjidul-Haromdan (Qudsdagi) Biz atrofini barakotli qilib qo'ygan Masjidul-Aqsoga sayr qildirgan zot tasbeh aytishga (loyiqdir). Darhaqiqat, U eshituvchi va ko'ruvchidir.

17.2 . (Biz) Musoga Kitob (Tavrot)ni ato etdik va uni Isroil avlodi uchun hidoyat qilib (dedik): "Mendan o'zgani vakil qilib olmanglar!"

17.3 . "(Ey,) Biz (g'arq bo'lishdan qutqarib,) Nuh bilan birga (kemada) ko'tarib najot bergan kishilarning zurriyotlari! Albatta, u ko'p shukr qiluvchi banda edi".

17.4 . Shuningdek, Biz Isroil avlodiga Kitobda: "Sizlar, albatta, (Shomdek) zaminda ikki marta buzg'unchilik qilursizlar va katta tug'yonga ketursizlar", - deb xabar berdik.

17.5 . Bas, qachonki, u (buzg'unchilik)lardan avvalgisining belgilangan vaqti kelganida, sizlarning ustingizga (jazolash uchun) kuch-quvvatga ega bo'lgan bandalarimizni yubordik. Ular hovlima-hovli kezdilar. (Bu va'da) ado etiluvchi va'da edi.

17.6 . So'ngra (tavba qilganlaringizdan keyin) ularning (Bobil hukmdorining) ustidan g'alabani sizlarga qaytardik va sizlarga mol-dunyo va farzandlar bilan madad berib, adadingizni ko'paytirdik.

17.7 . Agar (shundan keyin) ezgu ish qilsangizlar - o'zlaringizga ezgulik qilgan bo'lursizlar. Agar yovuzlik qilsangizlar ham o'zlaringiz uchundir. Bas, qachon keyingi (buzg'unchilikning) belgilangan vaqti kelganida, (ular yana) yuzlaringizni shuvut qilishlari, oldingi safar kirganlari kabi Masjid (Baytul-Maqdis)ga kirib, (uni toptashlari) uchun hamda o'zlari egallab olgan (barcha) yerlarni vayron etishlari uchun (dushmanlaringizni yana ustingizga yuborurmiz).

17.8 . (Agar tavba qilsangizlar), shoyad Rabbingiz sizlarga rahm qilsa. Agar (yana buzg'unchilikka) qaytsangizlar, biz ham (halok etishga) qayturmiz. Kofirlar uchun esa jahannamni zindon qilib qo'yganmiz.

17.9 . Albatta, bu Qur'on eng to'g'ri yo'lga hidoyat etur va ezgu ishlarni qiladigan mo'minlarga katta mukofot borligi (haqida) bashorat berur.

17.10 . Shuningdek, oxiratga ishonmaydiganlar uchun alamli azob tayyorlab qo'yganimizni(ng) ham ("bashorati"ni berur).



1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 next