AL-ISRO surasi



17.31 . (Ey, insonlar), bolalaringizni qashshoqlikdan qo'rqib o'ldirmangizlar - ularga ham, sizlarga ham Biz rizq berurmiz. Ularni o'ldirish, shubhasiz, katta xatodir.

17.32 . Zinoga yaqinlashmanglar! Chunki u buzuqlik va yomon yo'ldir.

17.33 . Alloh taqiqlagan jonni o'ldirmangiz, magar haq (shar'iy sabab) bilangina mumkin. Kimki zulman (ya'ni, nohaq) o'ldirilsa, Biz uning egasi (vorisi) uchun (qasos olishga) saltanat (huquq) berdik. Bas, u (qotilni) o'ldirishda haddan oshmasin! Zero, u yordam beriluvchi shaxsdir.

17.34 . Yetimning moliga, to u voyaga yetgunicha, yaqinlashmanglar, illo chiroyli yo'sinda bo'lsa mayli. Ahdga vafo qilinglar! Zero, ahd (Qiyomat kuni) so'raladigan ishdir.

17.35 . (Savdo-sotiqda) o'lchagan vaqtlaringizda o'lchovni to'lato'kis qilinglar va to'g'ri tarozida tortinglar! Mana shu yaxshi va chiroyli yechim (hukm)dir.

17.36 . (Ey, inson), o'zing (aniq) bilmagan narsaga ergashma! Chunki quloq, ko'z, dil – bularning barchasi to'g'risida (har bir inson) mas'ul bo'lur (javob berur).

17.37 . Yer yuzida kibrlanib yurmagin! Chunki sen (oyoqlaring bilan) zinhor yerni tesha olmaysan va uzunlikda tog'larga yeta olmaysan.

17.38 . Bularning barchasi Rabbingiz nazdida makruh bo'lgan gunoh(lar)dir.

17.39 . (Ey, Muhammad), bu (oyatlar) Rabbingizning Sizga vahiy qilgan hikmatlaridan (ba'zilari)dir. Allohga boshqa biror "iloh"ni nisbat bermang! Aks holda malomatlangan va (Alloh rahmatidan) mahrum bo'lgan holda jahannamga tashlanursiz.

17.40 . (Ey, mushriklar), Rabbingiz sizlarni o'g'illar bilan mumtoz etib, (O'ziga) farishtalarni qiz qilib olibdimi?! Darhaqiqat, sizlar og'ir so'zni so'zlamoqdasiz!



back 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 next