INSON surasi76.11 . Bas, Alloh ularni o'sha Kunning yomonligidan saqlar va ular(ning yuzlari)ga tarovat, (dillariga) surur baxsh etar. 76.12 . Yana sabrlari sababli ularni jannat va (egnilariga) ipak (liboslar) bilan mukofotlar. 76.13 . Ular u joyda so'rilarga yastangan hollarida o'tirurlar. U joyda quyosh (harorati)ni ham, zamharir (qish sovug'i)ni ham ko'rmaslar. 76.14 . (Jannat) soyalari ularga yaqin va mevalari ham (uzishga oson bo'lishi uchun) egib qo'yilgan bo'lur. 76.15 . Ularga kumush idishlar(da taomlar) va (o'zi kumushdan yasalgan bo'lsa-da, nafislikda) shisha bo'lib ketgan qadahlar(da sharoblar) aylantirilur. 76.16 . Shisha bo'lganda ham kumushdan, (ularni soqiylar) o'lchab qo'yganlar. 76.17 . (Jannat ahli) u joyda mizoji zanjabil bo'lmish qadahlarda ichirilurlar. 76.18 . U yerdagi chashmaning nomi Salsabil deb atalur. 76.19 . Ularning ustida mangu yosh g'ulomlar (xizmat qilib) aylanib tururlarki, ularni ko'rganingizda sochib yuborilgan durlar deb o'ylarsiz. 76.20 . U joyga qaraganingizda, noz-ne'matlarni va katta hukmronlikni ko'rursiz.
|