INSON surasi76.21 . Ustilarida yashil ipak va shoyi liboslar bo'lib, ular kumush bilakuzuklar bilan bezangan bo'lurlar va Parvardigorlari ularni pok sharob bilan sug'orur. 76.22 . Albatta, bu sizlar uchun mukofot va sizlarning sa'y-harakatlaringiz (Alloh nazdida) maqbuldir. 76.23 . (Ey, Muhammad,) albatta, Biz Sizga bu Qur'onni bo'lib-bo'lib nozil qildik. 76.24 . Bas, Siz Rabbingizning hukmiga sabr qiling va ulardan (kofirlardan) biror gunohkor yo noshukrga itoat etmang! 76.25 . Ertayu kech Rabbingiz nomini yod eting! 76.26 . Yana kechaning bir qismida ham Unga sajda qiling va uzun tunda unga tasbeh ham ayting! 76.27 . Albatta, ana u (kofir)lar naqd (dunyo)ni suyurlar va ortlaridagi og'ir Kunni (Qiyomatni) esa qo'yurlar. 76.28 . Biz ularni yaratdik va (barcha) a'zolarini mustahkam qildik va xohlagan vaqtimizda (ularni halok qilib, o'zlariga o'xshashlarini almashtirib qo'yurmiz. 76.29 . Albatta, bu (sura) bir eslatmadir. Bas, kim xohlasa (uni qabul qilib), Parvardigori tomonga yo'l olur. 76.30 . (Ey, insonlar,) xohishlaringiz faqat Alloh xohlasagina ro'yobga chiqur. Albatta, Alloh bilim va hikmat egasidir. 76.31 . U xohlagan kishilarni O'z rahmatiga (jannatiga) kiritur. Zolimlar uchun esa alamli azobni tayyorlab qo'ygandir.
|