QOF surasi50.31 . Jannat taqvodor zotlarga yiroq bo'lmagan (bir makonga) keltirilur 50.32 . (va ularga:) "Mana shu (ne'matlar) sizlarga - (Allohga) qaytuvchi, (ahdini) saqlovchiga (va'da qilinib yurgan narsadir). 50.33 . Shuningdek, Rahmondan g'oyibona qo'rqqan va tavba etuvchi qalb bilan kelgan kishilarga ham. 50.34 . Unga (jannatga) salomat kiringiz! Bu (kun) mangu (qoladigan) Kundir", ( - deyilur). 50.35 . Ularga u joyda xohlagan narsalari bordir. Bizning dargohimizda yana qo'shimcha (in'omlar) ham bordir. 50.36 . Ulardan (Quraysh kofirlaridan) oldin ulardan quvvatliroq qanchalab avlodni halok qildik. Bas, o'shalar najot bormikan, deb shaharlarni kezib yurdilar. 50.37 . Albatta, bunda (o'yg'oq) qalb egasi bo'lgan yoki o'zi hozir bo'lib, quloq tutgan kishi uchun eslatma bordir. 50.38 . Biz osmonlar va Yerni hamda ularning o'rtasidagi (bor) narsani olti kunda yaratdik va Bizga hech qanday charchoq yetgani yo'q. 50.39 . Bas, (ey, Muhammad,) ular (kofirlar) aytayotgan so'zlarga sabr qiling va Quyosh chiqishidan ilgari va botishidan avval Rabbingizga hamd bilan tasbeh ayting (namoz o'qing)! 50.40 . Yana kechaning (bir qismida) va sajdalar (namozlar) ortidan tasbeh ayting! 50.41 . Jarchi (Isrofil farishta) yaqin bir makondan turib jar soladigan Kunda (unga) quloq tuting! 50.42 . U Kunda ular (barcha xaloyiq) u (dahshatli) qichqiriqni chinakamiga eshiturlar. Bu (qabrlardan) chiqish Kunidir. 50.43 . Albatta, Biz (barcha jonzotni) tiriltirurmiz va o'ldirurmiz. Qaytish esa Biz saridir. 50.44 . U kunda ularning ustidagi yer yorilib, (ular) shoshgan hollarida (chiqib kelurlar). Bu faqat Bizgagina oson bo'lgan to'plashdir. 50.45 . Biz ular (kofirlar) aytayotgan gaplarni yaxshi bilurmiz. (Ey, Muhammad,) Siz ularning ustida (imonga) zo'rlovchi emassiz. Bas, ushbu Qur'on bilan Mening tahdidimdan qo'rqadigan kishilarga nasihat qiling!
|