FOTIR surasi35.11 . Alloh sizlarni (Odamni) tuproqdan, so'ngra (uning naslini) nutfadan yaratib, keyin sizlarni juft-juft (erkak-ayol) qilib qo'ydi. Har bir ayolning homilador bo'lishi va ko'zi yorishi faqat Uning ilmi bilan bo'lur. Biror uzoq umr ko'ruvchining umri uzaytirilgan bo'lsa yoki umridan kamaytirilgan bo'lsa, albatta, u Kitobda (Lavhul-Mahfuzda bitilgan) bo'lur. Albatta, bu Allohga osondir. 35.12 . Ikki dengiz teng bo'lmas - bunisi shirin-totli va yutumli, unisi esa sho'r-nordondir. Sizlar (ularning) har biridan yangi go'sht (baliq) yeysizlar va taqadigan zeb-ziynat chiqarib olursizlar. (Allohning) fazlidan (rizqidan) istashlaringiz uchun (suvni) yorib ketayotgan kemalarni ko'rasizlar. Shoyad shukr qilsangizlar. 35.13 . (Alloh) kechani kunduzga kiritur va kunduzni kechaga kiritur, U quyosh va oyni ham (sizlar uchun) bo'yin sundirib qo'ygandir - har biri muayyan muddatgacha joriy bo'lur. Ana shu sizlarning Rabbingiz - Allohdir, Podshohlik faqat Unikidir. (Ey, mushriklar,) sizlar U zotni qo'yib iltijo qilayotgan narsa (but)laringiz esa, xurmoning dumicha narsaga ham ega emasdirlar. 35.14 . Agar sizlar ularni chorlasangizlar, chaqiriqlaringizni eshitmaslar. Eshitganlarida ham sizlarga javob qila olmaslar va qiyomat kunida shirklaringizni inkor qilurlar. (Ey, Muhammad,) Sizga xabardor zot (Alloh)dek (hech kim) xabar bera olmas. 35.15 . Ey, insonlar, sizlar Allohga muhtojdirsizlar. Alloh esa, albatta, behojat va hamdga loyiq zotdir. 35.16 . Agar U xohlasa, sizlarni (yer yuzidan) ketkazib, (o'rningizga) yangi bir xalqni keltirur. 35.17 . Bu (ish) Allohga qiyin emasdir. 35.18 . (Qiyomat kunida) hech bir ko'taruvchi (gunohkor) o'zga (jon)ning yukini (gunohini) ko'tarmas. Agar og'ir gunoh egasi o'z yuki - (gunohini ko'tarish)ga chorlansa, (garchi chorlanuvchi) qarindoshi bo'lsa-da, u (gunoh)dan biror narsa yuklatilmas. (Ey, Muhammad,) Siz faqat Parvardigorlaridan g'oyibona qo'rqadigan va namozni mukammal ado etgan zotlarnigina ogohlantira olursiz. Kimki poklansa, u faqat o'zi uchun poklangan bo'lur. Qaytish faqat Alloh saridir. 35.19 . Ko'r (kofir) bilan ko'ruvchi (mo'min) barobar bo'lmas. 35.20 . Zulmatlar (kufr) bilan nur (imon) ham.
|