SABA surasi34.1 . Hamd Allohga (xos)dir. U shunday zotki, osmonlardagi va Yerdagi (bor) narsa Unikidir. Oxiratda ham hamd faqat Unga (xos)dir. U hikmatli va xabardor zotdir. 34.2 . U Yerga kiradigan narsalarni ham, undan chiqadigan narsalarni ham, samodan tushadigan narsalarni ham, unga ko'tariladigan narsalarni ham bilur. U rahmli va mag'firatlidir. 34.3 . Kofir bo'lgan kimsalar: "Bizlarga qiyomat kelmas", - dedilar. Ayting: "Yo'q! G'aybni biluvchi Rabbimga qasamki, shak-shubhasiz, u (qiyomat) sizlarga kelur! Osmonlar va Yerdagi bir zarra misolicha, undan ham kichik (yoki) katta biror narsa (Alloh)dan maxfiy bo'lmas, albatta, aniq Kitobda (Lavhul-Mahfuzda u) mavjuddir". 34.4 . Toki (Alloh) imon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlarni mukofatlashi uchun (qiyomat qoyim bo'lur). Ana o'shalar uchun mag'firat va farovon rizq (jannat) bordir. 34.5 . Oyatlarimizga (qarshi) kurashish harakatida yurgan kimsalar uchun jazo alamli azobdir. 34.6 . (Ey, Muhammad,) ilm berilgan zotlar Sizga Rabbingiz (tomoni)dan nozil qilingan (Qur'on)ning haq (Kitob) ekanini va u qudratli, hamdga loyiq zotning yo'liga hidoyat qilishini bilurlar. 34.7 . Kofir bo'lgan kimsalar derlar: "Sizlarga (chirib) titilib bo'lak-bo'lak bo'lib ketgan vaqtingizda, albatta, sizlar yana yangitdan yaratilursizlar, deb xabar beradigan bir kishini ko'rsataylikmi? 34.8 . U Alloh sha'niga yolg'on to'qidimi yoki unda jinnilik bormi?" - dedilar. Yo'q, (balki) oxiratga ishonmaydiganlar azobda va (hidoyatdan) uzoq zalolatdadirlar. 34.9 . Axir, ular oldilaridagi va ortlaridagi (atroflaridagi) narsalarga - osmonu zaminga boqmaydilarmi?! Agar Biz xohlasak, ularni yerga yuttirib yuborurmiz yoki ustilariga osmondan parchalar tushirurmiz. Albatta, bunda har bir (Allohga) qaytuvchi banda uchun dalolat bordir. 34.10 . Biz Dovudga (ulug') fazl (martaba) ato etdik: "Ey, tog'lar va qushlar! (Dovud) bilan birga tasbeh aytinglar!" Va uning uchun temirni (xamirdek) muloyim qilib qo'ydik.
|